Янгиликлар
Masofadan turib ishlovchi xodimning ish vaqti, har yilgi mehnat taʼtili va mehnatiga haq toʻlash tartibi.
Masofadan turib ishlovchi xodimning ish vaqti, har yilgi mehnat taʼtili va mehnatiga haq toʻlash tartibi.
Masofadan turib ishlovchi xodim uchun ishlab chiqarish topshirigʻini belgilash chogʻida ish beruvchi ishlarning ayrim turlarini bajarish vaqti normativlarini inobatga olishi, bunda bir oyga moʻljallangan ishning butun majmuini bajarish uchun ish vaqtining umumiy davomiyligi ish vaqtining normal yoki qisqartirilgan davomiyligidan oshmasligi kerak. Ushbu tartib 2023-yil 30-aprelda kuchga kirgan Mehnat Kodeksining 461 moddasida belgilangan.
Masofadan turib ishlovchi xodimning ish vaqti quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
masofadan turib ishlovchi xodim ish beruvchi bilan aloqada boʻlishi (bevosita hamkorlik qilishi) kerak boʻlgan, qayd etilgan ish vaqtini. Masofadan turib ishlashning aralash tartibida qayd etilgan ish vaqti mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvida nazarda tutilgan statsionar ish joyidagi ish vaqtini;
foydalanish tartibi masofadan turib ishlovchi xodim tomonidan ishlab chiqarish vazifasining hajmidan va mehnat shartnomasida belgilangan boshqa sharoitlardan kelib chiqqan holda mustaqil ravishda belgilanadigan ish vaqtini.
Foydalanish tartibi masofadan turib ishlovchi xodim tomonidan mustaqil ravishda belgilanadigan ish vaqtiga bir hissa miqdorida haq toʻlanadi hamda unga nisbatan ishdan tashqari ish, dam olish kunlaridagi va ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish, shuningdek tungi vaqtdagi ish uchun mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etilmaydi, bundan ushbu moddaning toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Masofadan turib ishlovchi xodimning dam olish vaqti davrida ish beruvchi bilan xodimning hamkorlik qilishiga xodimni dam olish kunlarida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ishga jalb etish uchun belgilangan tartibda, ayrim hollarda yoʻl qoʻyiladi. Ish beruvchining xodim uchun belgilangan qayd etilgan ish vaqti davomiyligidan tashqari vaqtda xodim bilan hamkorlik qilishi ishdan tashqari ish boʻlib, bunga xodimni ishdan tashqari ishga jalb qilish uchun belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
Ish beruvchining tashabbusiga koʻra, dam olish kunlarida yoki ishlanmaydigan bayram kunlarida, tungi vaqtda, shuningdek masofadan turib ishlovchi xodim uchun qayd etilgan ish vaqtidan tashqari vaqtda ish beruvchining xodim bilan hamkorlik qilganligi uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda oshirilgan haq toʻlanadi.
MKning 462-moddasiga asosan Agar masofadan turib ishlovchi xodim mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga yoki mehnat shartnomasiga muvofiq davomiyligi uzoqroq boʻlgan har yilgi mehnat taʼtiliga chiqish huquqiga ega boʻlmasa, uning har yilgi mehnat taʼtilining davomiyligi yigirma bir kalendar kundan kam boʻlishi mumkin emas.
Masofadan turib ishlovchi xodimga har yilgi mehnat taʼtilini va boshqa turdagi taʼtillarni berish tartibi masofadan turib ishlash haqidagi mehnat shartnomasida ushbu Kodeksga hamda mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlarga muvofiq belgilanadi.
Masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq toʻlash tartibi MKning 463-moddasida keltirilgan boʻlib, masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq toʻlash mehnatga haq toʻlashning vaqtbay tizimida haqiqatda ishlab berilgan vaqt uchun, mehnatga haq toʻlashning ishbay tizimida esa haqiqatda bajarilgan ish hajmi uchun amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish normalari va ishbay narxlar ishlarni bajarish uchun mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq belgilangan normal ish vaqtidan kelib chiqqan holda, mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga koʻra belgilanadi.
Masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq toʻlash miqdori ish beruvchining ishlab chiqarishida band boʻlgan xodimlar mehnatiga haq toʻlash shartlari bilan taqqoslanadigan boʻlishi kerak.
Masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq toʻlash, basharti u mehnat normalarini va mehnat vazifalarini bajarsa, qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmasligi va biron-bir eng katta miqdor bilan cheklanmasligi kerak.
Masofadan turib ishlovchi xodim oʻz mehnatini amalga oshirayotgan joyda ish haqiga nisbatan hududiy koeffitsiyent belgilangan boʻlsa, masofadan turib ishlovchi xodimning mehnatiga haq toʻlash ushbu koeffitsiyent hisobga olingan holda amalga oshirilishi kerak.
Olmaliq shahar YXKM
bosh yuriskonsulti K.F.Nodirova