Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

25

Masofadan turib ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasi qanday tuziladi.


Masofadan turib ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasi qanday tuziladi.

2023-yil 30-aprelda kuchga kirgan Mehnat Kodeksiga asosan xodimlarni masofadan turib ishlash tushunchasi, tartibi belgilangan boʻlib, MKning 456-moddasida masofadan turib ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasini qanday tuzilishi asoslantirilgan. Demak, masofadan turib ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasi va taraflar belgilagan masofadan turib ishlash haqidagi mehnat shartnomasi shartlarining oʻzgarishi toʻgʻrisidagi kelishuvlar umumiy tartibda yoki elektron hujjatlar almashinuvi orqali tuzilishi mumkin. Bunda masofadan turib ishlash haqidagi mehnat shartnomasi, taraflar belgilagan mehnat shartnomasi shartlarining oʻzgarishi toʻgʻrisidagi kelishuvlar tuzilgan joy sifatida ish beruvchining joylashgan yeri koʻrsatiladi.

Elektron hujjatlar almashinuvi orqali ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini tuzgan masofadan turib ishlovchi xodimning talabiga koʻra, ish beruvchi tegishli tarzda rasmiylashtirilgan mazkur mehnat shartnomasining nusxasini masofadan turib ishlayotgan xodimga bu talabni olgan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay maʼlum qilinadigan buyurtma xat bilan qogʻozda pochta orqali yuborishi shart.

Elektron hujjatlar almashinuvi orqali masofadan turib ishlash toʻgʻrisidagi mehnat shartnomasini tuzishda ushbu Kodeksning 124-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlar ish beruvchiga masofadan turib ishlashga kirishayotgan shaxs tomonidan elektron hujjat tarzida taqdim etilishi mumkin. Ish beruvchining talabiga koʻra mazkur shaxs ish beruvchiga ushbu hujjatlarning koʻchirma nusxalarini maʼlum qilinadigan buyurtma xat bilan qogʻozda pochta orqali yuborishi shart.

Mehnat shartnomasi taraflarining har biri boshqa tarafga ular tomonidan imzolangan mehnat shartnomasining nusxasini olganligi haqida elektron shaklda xabar qiladi.

Masofadan turib ishlovchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga ushbu Kodeks 104-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan shartlar bilan bir qatorda quyidagi shartlar ham kiritiladi:

masofadan turib ishlash jadvali — masofadan turib ishlash rejimida xodimga taqdim etiladigan ish kunlarining hamda ish soatlarining soni va davriyligi;

taraflar oʻrtasida ishlab chiqarish vazifalari va ularning bajarilishi toʻgʻrisida axborot almashish usullari;

masofadan turib ishlashning aralash rejimi belgilanganda statsionar ish joyida ishlash va masofadan turib ishlash davrlari, shuningdek ularning navbat bilan almashinishi;

agar masofadan turib ishlovchi xodim tomonidan mehnat vazifasini amalga oshirishi uchun tegishli asbob-uskunalar va (yoki) tashkiliy texnika zarur boʻlsa, masofadan turib ishlovchi xodimga asbob-uskunalar va (yoki) tashkiliy texnika berish tartibi, bundan masofadan turib ishlovchi xodim oʻziga tegishli boʻlgan yoki oʻzi ijaraga olgan asbob-uskunalar va (yoki) tashkiliy texnikadan foydalanishi toʻgʻrisida taraflar kelishuvga erishgan hollar mustasno;

ish beruvchining mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilgan mehnat vazifasini bajarishi uchun masofadan turib ishlovchi xodimga berilgan asbob-uskunalarni va (yoki) tashkiliy texnikani taʼmirlashni amalga oshirishga doir majburiyatlari;

xodimni ish beruvchi bilan muntazam ravishda hamkorlik qilish uchun zarur boʻlgan aloqa vositalari bilan, shu jumladan uning Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanishini taʼminlash;

xodimning aybi bilan ish beruvchi tomonidan masofadan turib ishlovchi xodimga topshirilgan uskunalar va (yoki) tashkiliy texnika buzilganligi tufayli ish beruvchiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash shartlari;

masofadan turib ishlovchi xodimga foydalanish uchun berilgan uskunalar, tashkiliy texnika, dasturiy-texnik vositalar, aloqa vositalari, axborotni muhofaza qilish vositalarini va boshqa vositalarni inventarizatsiyadan oʻtkazish tartibi;

mehnat majburiyatlarini bajarish uchun masofadan turib ishlovchi xodim oʻz asbob-uskunalari va (yoki) tashkiliy texnikasidan foydalangan taqdirda, masofadan turib ishlovchi xodimga xarajatlarning oʻrnini qoplash tartibi va shartlari;

mehnat majburiyatlarini bajarish uchun aloqa vositalaridan foydalanganligi munosabati bilan masofadan turib ishlovchi xodimga xarajatlarning oʻrnini qoplash tartibi va shartlari;

masofadan turib ishlovchi xodim va ish beruvchining elektron hujjatlar almashinuvi orqali hamkorlik qilishi tartibi;

ishlab chiqarish topshirigʻida shart qilib koʻrsatilgan ishlarni mehnat shartnomasida belgilangan muddatlarda bajarish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, masofadan turib ishlovchi xodimning ishlarni oʻz vaqtida bajarishiga monelik qilayotgan sababni koʻrsatgan holda ish beruvchini xabardor qilish majburiyati;

ish beruvchi va masofadan turib ishlovchi xodimning zarur mehnatni muhofaza qilish qoidalariga hamda xavfsizlik shartlariga rioya etish majburiyatlari.

Masofadan turib ishlovchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida boshqa shartlar, shu jumladan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun qoʻshimcha asoslar ham nazarda tutilishi mumkin.

Ish beruvchi joylashgan hududda yashaydigan masofadan turib ishlovchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida xodim oʻzining ish beruvchi va boshqa xodimlar bilan bevosita hamkorlik qilishi uchun zarur boʻlgan ish vaqtining bir qismida ish beruvchining ish joyida, qolgan ish vaqtida esa masofadan turib ishlashi nazarda tutilishi mumkin. Agar uning ish vaqtining kamida ellik foizi masofadan turib ishlashga toʻgʻri kelsa, xodim masofadan turib ishlovchi boʻlib hisoblanadi.

Masofadan turib ishlovchi xodim bilan yozma mehnat shartnomasining namunaviy shakli Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

 

Olmaliq shahar YXKM

bosh yuriskonsulti                                   K.F.Nodirova