Янгиликлар
Sportchilar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari
Sportchilar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari
Mehnat kodeksining 503-moddasining qoidalari mehnat vazifasi sport musobaqalariga tayyorgarlik koʻrishdan va muayyan turdagi yoki sport turlari boʻyicha sport musobaqalarida ishtirok etishdan iborat boʻlgan xodimlar (bundan buyon matnda sportchilar deb yuritiladi) bilan mehnat munosabatlarini tartibga soladi.
Sportchilar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʻziga xos xususiyatlari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, shu jumladan jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, shuningdek ichki hujjatlarda belgilanadi.
Ushbu Kodeks 104-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan shartlardan tashqari, sportchi bilan tuziladigan mehnat shartnomasiga quyidagilar kiritilishi shart:
ish beruvchining mashq tadbirlari oʻtkazilishini va sportchining sport musobaqalarida ishtirok etishini taʼminlash majburiyati toʻgʻrisidagi shartlar;
sportchining ish beruvchi tomonidan belgilangan sport rejimiga rioya etish va sport musobaqalariga tayyorgarlik koʻrish rejalarini bajarish majburiyati toʻgʻrisidagi shartlar;
sportchining sport musobaqalarida faqat ish beruvchining koʻrsatmasi boʻyicha ishtirok etish majburiyati toʻgʻrisidagi shartlar;
sportchining xalqaro dopingga qarshi tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan dopingga qarshi qoidalarga rioya etish, doping nazoratidan oʻtish majburiyati toʻgʻrisidagi shartlar;
ish beruvchining sportchining hayoti va sogʻligʻi sugʻurta qilinishini, shuningdek sportchining qoʻshimcha tibbiy va boshqa xizmatlarni olish maqsadida tibbiy sugʻurta qilinishini taʼminlashga doir majburiyati toʻgʻrisidagi shartlar.
Mehnat shartnomasini tuzish chogʻida sportchilar dastlabki majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtishi shart. Ish beruvchi dastlabki va davriy majburiy tibbiy koʻriklarning oʻtkazilishini oʻz hisobidan tashkil etishi shart. Mehnat shartnomasining amal qilishi davrida sportchilar topshirilgan ishni bajarish uchun yaroqliligini aniqlash hamda kasb kasalliklarining va sport jarohatlanishlarining oldini olish maqsadida davriy majburiy tibbiy koʻriklardan oʻtadi.
Ish beruvchi oʻz mablagʻlari hisobidan sportchilarni sport kiyim-boshlari, sport anjomlari va ashyolari, ular mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur boʻlgan boshqa moddiy-texnika vositalari bilan taʼminlashi, shuningdek mazkur kiyim-boshlar, asbob-uskunalar, anjomlar, ashyolar va vositalarni foydalanishga yaroqli holatda saqlashi shart.
Sportchilarga yillik qoʻshimcha mehnat taʼtili beriladi, uning davomiyligi jamoa shartnomalarida, ichki hujjatlarda, mehnat shartnomalarida belgilanadi, lekin u toʻrt kalendar kundan kam boʻlmasligi kerak.
Ish beruvchi sportchining sport musobaqalarida ishtirok etishini taʼminlash imkoniyatiga ega boʻlmagan hollarda, ish beruvchilar oʻrtasidagi kelishuvga, sportchining oʻz yozma roziligiga koʻra, bir yildan oshmaydigan muddatga vaqtincha boshqa ish beruvchiga oʻtishiga yoʻl qoʻyiladi.
Sportchining boshqa ish beruvchiga vaqtincha oʻtishi davri uchun vaqtinchalik ish joyidagi ish beruvchi u bilan ushbu moddaning uchinchi qismi qoidalarini inobatga olgan holda muddatli mehnat shartnomasi tuzadi.
Sportchi boshqa ish beruvchiga vaqtincha oʻtgan davrda dastlab tuzilgan mehnat shartnomasining amal qilishi toʻxtatib turiladi (taraflar mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan huquqlar amalga oshirilishini hamda majburiyatlar bajarilishini toʻxtatib turadi). Bunda dastlab tuzilgan mehnat shartnomasi amal qilishi muddatining oʻtishi uzilib qolmaydi. Sportchining boshqa ish beruvchiga vaqtincha oʻtish muddati tugaganidan keyin dastlab tuzilgan mehnat shartnomasi toʻliq hajmda qayta tiklanadi.
Vaqtincha oʻtish muddati mobaynida sportchiga va vaqtinchalik ish joyidagi ish beruvchiga mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda hamda mehnat huquqi normalarini oʻz ichiga olgan boshqa hujjatlarda belgilangan qoidalar, ushbu moddada belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda, toʻliq hajmda tatbiq etiladi.
Vaqtinchalik ish joyidagi ish beruvchi sportchining boshqa ish beruvchiga oʻtishiga doir tashabbus bilan chiqish huquqiga ega emas.
Sportchining boshqa ish beruvchiga vaqtincha oʻtishi davriga tuzilgan mehnat shartnomasi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslarning istalgan biriga koʻra muddatidan ilgari bekor qilingan taqdirda, vaqtincha oʻtish davriga tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish bilan bogʻliq boʻlgan kalendar sanasidan keyingi ish kunidan boshlab dastlab tuzilgan mehnat shartnomasi toʻliq hajmda amal qiladi.
Agar boshqa ish beruvchiga vaqtincha oʻtish muddati tugaganidan keyin sportchi vaqtinchalik ish joyidagi ish beruvchida ishlashni davom ettirsa va na sportchi yoki na vaqtinchalik ish joyidagi ish beruvchi, na dastlab mehnat shartnomasi tuzilgan ish beruvchi vaqtinchalik oʻtish davri uchun tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishni hamda dastlab tuzilgan mehnat shartnomasini qayta tiklashni talab qilmasa, dastlab tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi va vaqtinchalik oʻtish davri uchun tuzilgan mehnat shartnomasi taraflar kelishuvi bilan belgilanadigan muddatga, bunday kelishuv mavjud boʻlmagan taqdirda esa nomuayyan muddatga uzaytiriladi.
Sportchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan asoslardan tashqari quyidagilar asos boʻlishi mumkin:
1) olti oy va undan koʻp muddatga sportdan chetlashtirilganlik;
2) xalqaro dopingga qarshi tashkilotlar tasdiqlagan dopingga qarshi qoidalarning sportchi tomonidan buzilganligi, shu jumladan bir marta buzilganligi.
Mehnat shartnomasini sportchining tashabbusi bilan bekor qilish toʻgʻrisidagi ogohlantirish muddatining davomiyligi mehnat shartnomasi taraflari tomonidan tegishli sport turi yoki turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi sport federatsiyalarining (assotsiatsiyalarining) tavsiyalariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi belgilaydigan muddatlar inobatga olingan holda aniqlanadi.
Olmaliq shahar YXKM
bosh yuriskonsulti K.F.Nodirova