Янгиликлар
Qoʻshnimning yangi qurgan uyi, mening uyimga soya solyapti. Nima qilsam boʻladi?
Qoʻshnimning yangi qurgan uyi, mening uyimga soya solyapti. Nima qilsam boʻladi?
Fuqarolik kodeksining 172-moddasi birinchi qismida mulkdorning oʻz huquqlarini amalga oshirishi boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shartligi belgilangan.
Qoidaning mazmuniga koʻra qoʻshningizning huquqlari chegarasi sizning huquqlaringiz boshlangan joyda tugaydi.
Shaharsozlik normalari va qoidalarining 26-bandiga koʻra turar-joy va jamoat binolarini joylashtirish va qurishda yilning 22-martidan 22-sentyabrigacha boʻlgan davrda turar-joy binolarini kuniga 2,5 soat davomida insolyatsiya qilishning uzluksiz davomiyligini taʼminlashi kerak.
Shuningdek, yotoqxonalar, mashgʻulot va bolalar xonasida bu muddat 3 soatni tashkil qiladi.
Soddaroq aytganda, biz turar-joy qurishda ushbu turar-joy xonalariga bir kunda 2.5 yoki 3 soat davomida quyosh nuri tushib turishini taʼminlashimiz shart.
Bundan tashqari mazkur qoidalarga koʻra qoʻshningiz uyida har qanday imorat qurayotganda qoʻshnilarning roziligini olish shart ekanligi belgilanadi.
Agar bu imorat qoʻshnilar roziligisiz qurilgan boʻlsa, Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga asosan oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat sanaladi. Aynan mana shu qoidaga koʻra qoʻshningiz uy qurishda yuqoridagi qoidalarni hisobga olishi zarur edi.
Shuni ham aytish kerakki, fuqarolik huquqiy munosabatlari ishtirokchilarining halol, oqilona va adolat bilan harakat qilishi nazarda tutiladi (FK 9-m). Mana shu qoidaga koʻra ikkingiz ham ushbu mezonlarga rioya qilishingiz kerak boʻladi.
Bundan tashqari mulkdor oʻzining ustunlik mavqeini suiisteʼmol qilishga, boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini kamsitadigan oʻzga harakatlarni qilishga haqli emas.
Xulosa qiladigan boʻlsak, siz fuqarolik sudiga murojaat qilish orqali buzilgan huquqlaringiz tiklashingiz yaʼni qoʻshningizning uy-joyini Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga asosan oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat deb topish va uni qoʻshningiz hisobidan buzdirib tashlashni soʻrashingiz mumkin.
Oqqoʻrgʻon tumani Adliya boʻlimi
YUXKM bosh yuriskonsulti Nazarimbetov Nurlibay Paraxatovich