Янгиликлар
Oʻzboshimchalik bilan imorat qurish va uning oqibatlari
Oʻzboshimchalik bilan imorat qurish va uning oqibatlari
Fuqarolik kodeksining 212-moddasiga koʻra qonunchilikda belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki oʻzga koʻchmas mulk oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.
Oʻzboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi. Bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga — sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas.
Oʻzboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining daʼvosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim, ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Moddaning 4-qismiga koʻra imorat qurilgan yer uchastkasining mulkdori boʻlgan, unga umrbod meros sifatida egalik qilayotgan, doimiy egalik qilayotgan va foydalanayotgan shaxsning oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi sud tomonidan eʼtirof etilishi mumkin. Bu holda imoratga nisbatan mulk huquqi eʼtirof etilgan shaxs imorat qurgan shaxsning xarajatlarini sud belgilagan miqdorda qoplaydi.
Basharti, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari buzilishiga sabab boʻlsa, yoxud fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirsa, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi eʼtirof etilishi mumkin emas.
Oqqoʻrgʻon tumani Adliya boʻlimi
YUXKM bosh yuriskonsulti Xaitmetov Farxod Shuxratovich