Янгиликлар
DUGONAMNING BOLASINI FARZANDLIKKA OLMOQCHIMAN.
DUGONAMNING BOLASINI FARZANDLIKKA OLMOQCHIMAN.
SAVOL:. Farzandimiz yoʻq. Bir dugonam bor. Bir tashkilotda birga ishlaymiz. Shu dugonam menga farzandini bermoqchi. Yaʼni hali tugʻilmagan. Tugʻib bermoqchi. Tugʻilajak bolani qanday nomimizga oʻtkazamiz?
JAVOB: Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi (OK) 152-moddasida voyaga yetgan erkak yoki ayol fuqarolar farzandlikka oluvchilar boʻlishi mumkin, deb belgilangan, shu sababli sizning farzandlikka olish huquqingiz bor.
Avvalo, OK 205-moddasiga asosan bolalarning tugʻilishini qayd etish majburiyligini, bolalar tugʻilgan joyidan yoxud ota-onasidan biri doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʼi nazar, FXDYO organlarida bir oy ichida amalga oshirilishi lozimligi uchun, dugonangiz farzandi tugʻilishi bilan tegishli tartibda bolani tugʻilishini qayd etadi va tugʻilganlik toʻgʻrisida guvohnoma oladi.
Keyingi jarayon, Oʻzbekiston Respublikasi FPKning 298-moddasida “farzandlikka olish toʻgʻrisidagi ariza bolani farzandlikka olishni istagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan farzandlikka olinayotgan bolaning yashash (turgan) joyidagi fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman (shahar) sudiga beriladi" deb belgilangan.
Farzandlikka olish toʻgʻrisidagi arizangizda:
➖farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) familiyasi, ismi, otasining ismi, ularning (uning) yashash joyi;
➖farzandlikka olinayotgan bolaning familiyasi, ismi, otasining ismi va tugʻilgan sanasi, uning yashash (turgan) joyi, farzandlikka olinayotgan bolaning ota-onasi toʻgʻrisidagi, aka-uka va opa-singillari borligi yoki yoʻqligi haqidagi maʼlumotlar;
➖farzandlikka oluvchilarning (oluvchining) farzandlikka olish toʻgʻrisidagi iltimosini asoslovchi holatlar va mazkur holatlarni tasdiqlovchi dalillar;
➖farzandlikka oluvchilar (oluvchi) bolaning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuviga tegishli oʻzgartirishlar kiritishni istagan taqdirda — bu boʻyicha ham qoʻshimcha iltimos.
OK 159-moddasiga koʻra bolani farzandlikka olish uchun farzandlikka olinayotgan bola ota-onasining roziligi talab etiladi.
Shunday ekan sizning hamkasbingiz oʻz turmush oʻrtogʻi bilan (yaʼni sizga farzandilikka berilayotgan bolaning haqiqiy ota onasi) sudga yozma rozilik berishlari kerak.
OK 164-moddasiga asosan sudning farzandlikka olish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab oʻn kun ichida FXDYOda qayd etiladi.
Farzandlikka oluvchilar bolaning tugʻilishi yozilgan daftarga, agar bu haqda sudning hal qiluv qarorida koʻrsatilgan boʻlsa, uning ota-onasi deb yozilishi kerak.
Oqqoʻrgʻon tumani Adliya boʻlimi
YUXKM bosh yuriskonsulti Farmonqulov Vaxob Mametqulovich