Янгиликлар
MIGRANTLARGA QONUNCHILIKDA QANDAY IMTIYOZLAR BERILGAN?
MIGRANTLARGA QONUNCHILIKDA QANDAY IMTIYOZLAR BERILGAN?
2021-yil 1-yanvardan boshlab mehnat migratsiyasi faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar o‘zini o‘zi band qilgan hisoblanib, belgilangan soliqlarni to‘lash hamda pensiya miqdorini hisoblashda inobatga olinadi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar o‘ziga pensiya hisoblanishi va ish stajiga ega bo‘lishi uchun BHMning 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda (bugungi kunda 170 ming so‘m) ijtimoiy soliq to‘laydi.
Soliq kodeksining 369-moddasiga muvofiq o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi.
2018-yilning 1-aprelidan boshlab mehnat migrantlariga temir yo‘l biletlarining narxlariga 20 foiz miqdorda chegirmalar berilishi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borish uchun respublika hududidan tashqariga jo‘nab ketayotgan fuqarolarga 1000 AQSH dollari miqdorida kreditlar berish joriy joriy etilgan.
2021-yil 1-yanvardan boshlab mehnat migrantlariga — tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda o‘rnatiladigan stavkalarda mikroqarzlar beriladi.
Mehnat migratsiyasi bilan shug‘ullanish uchun xorijga chiqib ketayotgan shaxslarga mikroqarzlar beriladi. Mikroqarzlar xorijda ishga joylashish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun 10 million so‘mgacha miqdorda bir yil muddatga beriladi.
Boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan oilalarga BHMning 2 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, “daftarlar”dan biriga kiritilgan oila a’zolariga BHMning 5 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi.
Mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning O‘zbekistonda ular bilan birga yashovchi pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yo‘llanma beriladi.
Bundan tashqari, mehnat migratsiyasiga chiqib ketganlarning bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yo‘llanmalar beriladi.
Yangiyo`l tumani yuridik
xizmat ko`rsatish Markazi X.Rahimov
bosh yuriskonsulti