Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

27

Koʻp kvartirali uylarda issiqlik taʼminoti xizmatini koʻrsatish


Koʻp kvartirali uylarda
issiqlik taʼminoti xizmatini koʻrsatish

Koʻp kvartirali uylarda issiqlik energiyasi va issiq suv bilan taʼminlash boʻyicha yetkazib beruvchi isteʼmolchilar bilan ikki tomonlama shartnoma tuzadi. Shartnoma isteʼmolchining nomidan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati (shirkat) tomonidan tuzilishi mumkin.

Uy ichidagi tizimlarga texnik xizmat koʻrsatish yetkazib beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.

Mulkdorlarning umumiy mulki tarkibiga kiruvchi uy ichidagi isitish tizimlarining tayyorligini taʼminlash shirkatga yoki mulkdorlarga yuklanadi.

Isteʼmol xossalari va issiqlik taʼminoti meʼyorlari:

isitish boʻyicha —1995-yilgacha qurilgan koʻp qavatli turar joy xonalaridagi harorati kamida 20o S, agar koʻp qavatli uylardagi issiqlik tizimi rekonstruksiya qilinmagan boʻlsa — turar joy xonalaridagi harorat kamida 18o S boʻlishi lozim;

issiq suv taʼminoti boʻyicha —issiq suvning harorati 50 — 75o S boʻlishi kerak.

Isitish davrini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.

Isitish davri tashqi havoning oʻrtacha sutkalik harorati 8oSdan past boʻlgan 5 kunlik davr tamom boʻlgan kundan keyingi kundan boshlanishi, 8oS yuqori boʻlganda esa tamomlanishi kerak.

Isitish asboblariga qoʻshimcha seksiyalarni birlashtirish yoki ular sonini kamaytirish, isitish hamda sanitariya-texnik asboblar joyini oʻzgartirish taqiqlanadi.

Isteʼmolchi issiqlik energiyasi toʻliq uzib qoʻyilishi va issiqlik taʼminoti xizmatlari koʻrsatishdagi tanaffus toʻgʻrisida yozma shaklda ogohlantiriladi (koʻp kvartirali uyning barcha kirish joylaridagi eʼlonlar taxtasiga yoki koʻp kvartirali uy joylashgan yer uchastkasi doirasida eʼlon joylashtirish, shuningdek tanaffuslar vaqti koʻrsatilgan holda ommaviy axborot vositalari orqali).

Issiq suv berishda tanaffusning yoʻl qoʻyiladigan davomiyligi:

boshi berk magistralda avariya yuz berganda — uzluksiz 24 soat;

issiq suv taʼminotining muhandislik — markazlashtirilgan texnikaviy taʼminlash tarmoqlarida har yilgi taʼmirlash va oldini olish ishlarini bajarish uchun — 15 sutka.

Isteʼmolchilarning hisobga olish asboblarini sotib olish, oʻrnatish, davlat qiyoslovidan oʻtkazish, foydalanish (taʼmirlash, almashtirish) Yetkazib beruvchi tomonidan Isteʼmolchilarning mablagʻlari hisobiga bajariladi.

Individual hisobga olish asboblarini oʻrnatish uchun Isteʼmolchi Yetkazib beruvchiga buyurtmanoma beradi. Buyurtmanoma tushgandan keyin Yetkazib beruvchi uch kun muddatda Isteʼmolchi bilan individual hisobga olish asboblarini sotib olish va oʻrnatishga shartnoma tuzadi.

Bunda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida, nafaqa oluvchi kam taʼminlangan oilalarni issiq suvni hisobga olish asboblari bilan jihozlash Yetkazib beruvchi hisobidan uy-joy mulkdoridan individual hisobga olish asbob qiymatini keyingi 12 oy mobaynida toʻlash shartnomasi asosida, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Individual hisobga olish asbobini oʻrnatish yoki uni yechib olish toʻgʻrisidagi dalolatnomalarni tuzish, shuningdek Yetkazib beruvchi tomonidan ularni tamgʻalash bepul amalga oshiriladi. Individual hisobga olish asbobini va ulardagi tamgʻalarning saqlanishi va butligi uchun javobgarlik Isteʼmolchiga yuklanadi.

Individual hisobga olish asboblarining shikastlanganligi, ulardagi tamgʻalarning uzilishi yoki uning butunligi buzilgan taqdirda, shuningdek tekshirish muddati tamom boʻlganda Isteʼmolchi bu haqda darhol Yetkazib beruvchini xabardor qilishi shart.

Issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun toʻlovlar isitish davridagi tamom boʻlgan oydan keyingi oyning oʻninchi kunidan kechikmay toʻlanishi lozim.

 

Isteʼmolchilarga suv taʼminoti

va oqova suvni chiqarish xizmatlari koʻrsatish

Isteʼmolchilarga suv berish va ulardan oqova suvlarni qabul qilish faqat vakolatli tashkilot bilan isteʼmolchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma mavjud boʻlgandagina amalga oshiriladi.

Faoliyat koʻrsatayotgan ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlariga oʻzboshimchalik bilan ulanib olish, shuningdek, ushbu tizimlardan oʻzboshimchalik bilan foydalanish taqiqlanadi.

Ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlariga oʻzboshimchalik bilan ulangan isteʼmolchi vakolatli tashkilot tomonidan tarmoqdan uziladi va qayta ulashda bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida toʻlov undiriladi.

Xona turar joydan noturar joy toifasiga oʻtkazilganda isteʼmolchi suvni berish va oqova suvlarni qabul qilishga yetti kun muddatda shartnoma tuzishi, hisoblash asbobini oʻrnatishi va roʻyxatdan oʻtkazishi shart.

Markaziy kommunal suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish tizimiga ulangan yoki yangidan ulanayotgan isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish vakolatli tashkilot tomonidan suvni hisobga olish asboblari oʻrnatilgan holda amalga oshiriladi.

Suvni hisobga olish asbobini tekshirishlar oraligʻi:

jismoniy shaxslarning hisoblash asbobi uchun — 8 yilni;

yuridik shaxslarning hisoblash asbobi uchun — 4 yilni tashkil qiladi.

Bosimning oʻzgaruvchan farqi sarflarini aniqlovchi elektron hisoblagichlar (difmanometrlar), ultratovushli, elektr magnitli, uyurmali va boshqa turdagi hisoblagichlar uchun tekshirishlar oraligʻi — 1 yildan iborat boʻladi.

Suv oʻlchash uzeli vakolatli tashkiloti tomonidan plombalanishi lozim. Plombalanmagan hisoblash asboblarini oʻrnatish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.

Suvni hisobga olish asboblarini xarid qilish, oʻrnatish, davlat nazoratidan oʻtkazish, foydalanish (taʼmirlash, almashtirish) ishlari vakolatli tashkilot tomonidan, isteʼmolchining mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.

Suvni hisobga olish asbobini oʻrnatish uchun isteʼmolchi vakolatli tashkilotiga buyurtmanoma beradi. Buyurtmanoma tushgach, vakolatli tashkiloti uch kun muddatda isteʼmolchi bilan suvni hisobga olish asbobini oʻrnatish yuzasidan shartnoma tuzadi va unda shartnomada koʻrsatilgan summaning 100 foizi miqdorida oldindan toʻlov oʻtkazilishi nazarda tutiladi.

Isteʼmolchi suvni hisobga olish asbobidagi plombaga shikast yetgani, uzilgani yoki butun emasligi kabi holatlarni aniqlaganda, 2 sutka mobaynida vakolatli tashkilotini bu haqda ogohlantirishi lozim.

Isteʼmolchi tomonidan sarflangan suv hajmi suvni hisobga olish asbobi koʻrsatkichlari boʻyicha aniqlanishi lozim.

Isteʼmolchilarning kommunal kanalizatsiya tizimiga chiqariladigan oqova suvlari miqdori kommunal suv taʼminoti tizimidan sarflangan suv miqdoriga teng deb qabul qilinadi.

Isteʼmolchilar joriy oyning 23-25-sanasida suvni hisobga olish asboblari koʻrsatkichlarini qayd qilib borishi, joriy oyning soʻnggi sanasigacha vakolatli tashkilotga koʻrsatkich maʼlumotlarini aloqa vositalari yordamida taqdim etishi va toʻlovlarni amalga oshirishi shart .

 

 

Piskent tumani Adliya boʻlimi

            Yuridik xizmat koʻrsatish markazi

bosh yuristkonsulti                                                      R.Surobov