Янгиликлар
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya qarorining ijro etilishi to‘g‘risida
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya qarorining ijro etilishi to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksning 566-moddasiga asosan:- Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning qarorini ish beruvchi ushbu qaror ustidan shikoyat qilish uchun nazarda tutilgan o‘n kun o‘tganidan keyin uch kunlik muddatda ijro etishi kerak.
Ish beruvchi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddatda mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning qarorini ijro etmagan taqdirda, komissiya tomonidan xodimga ijro varaqasi kuchiga ega bo‘lgan guvohnoma (bundan buyon matnda guvohnoma deb yuritiladi) beriladi.
Guvohnomada:
mehnat nizosi bo‘yicha qaror chiqargan mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning nomi;
qaror qabul qilingan va guvohnoma berilgan sanalar;
xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi;
nizoning mohiyati bo‘yicha qaror ko‘rsatiladi.
Guvohnoma komissiya raisi va kotibining imzolari bilan tasdiqlanadi hamda xodimga imzo qo‘ydirib beriladi.
Xodim mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning qarori qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida guvohnomani olish uchun komissiyaga murojaat qilishi mumkin.
Agar xodim yoki ish beruvchi yakka tartibdagi mehnat nizosini ko‘rib chiqish haqidagi ariza bilan sudga murojaat qilgan bo‘lsa, guvohnoma berilmaydi.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya tomonidan berilgan hamda olingan kunidan e’tiboran uch oydan kechiktirilmagan muddatda taqdim etilgan guvohnoma asosida davlat ijrochisi komissiyaning qarorini «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq majburiy tartibda ijro etadi.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya ushbu moddaning beshinchi va ettinchi qismlarida belgilangan muddatlarni xodim uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborgan deb topsa, komissiya bu muddatlarni tiklaydi.
Bekobod tumani Adliya bo‘limi YUXKM bosh yuriskonsulti R.M.Mirzaaxmedov