Янгиликлар
Advokatura sohasida yaxshi yangilik.
Advokatura sohasida yaxshi yangilik.
Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy majlisi senatining navbatdagi yalpi majlisida “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida Qonun loyihasi muhokama qilindi va maʼqullandi.
Mazkur qonun loyihasiga binoan, Jinoyat protsessual kodeksining 50, 51, 60, 476-moddalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Xususan, mazkur qonunga binoan, bevosita Advokatlar palatasi tashabbusi va taklifiga binoan, amaldagi Jinoyat kodeksining 50-moddasi yangi tahrirda qabul qilindi.
Jumladan, aynan Advokatlar palatasining “gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki ularning iltimosiga koʻra yoxud roziligi bilan boshqa shaxslar tomonidan himoyachi taklif qilingan yoki ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan muddatda himoyachini taklif qilish huquqidan foydalanishi bildirilgan hollarda davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatni jalb qilishga yoʻl qoʻyilmaydi» degan tahrirdagi taklifi maʼqullandi va JPKning 50-moddasi 11-xatboshisida mustahkamlandi.
Mazkur holat esa kelgusida bitim (shartnoma) ga binoan ishda ishtirok etishga va himoya ishi yuritishga kirishgan advokatlarimizning kasbiy faoliyatlarini amalga oshirishlariga tergov organlari tomonidan qoʻyiladigan sunʼiy toʻsiqlarga barham beradi.
Bugun Advokatlar klubida aynan davlat mablagʻlari hisobidan jalb qilingan advokatlar koʻmagida tergov organlari bitim (shartnoma) asosida taklif qilingan advokatlarni ishda ishtirok etishda chetlatishga erishayotganliklari haqidagi fikr mulohazalar bildirildi.
Bu kabi holatlarda ayrim “advokatlarimiz”ning oʻz himoya funksiyasi bir chetda qolib, tergov organlariga hayrihohlik qilayotganliklari kishini yumshoqroq kilib aytganda tajjubga soladi (aslida esa gʻazablantiradi).
Agar biz oʻzaro hamjixatlik va korporativ birdamlikka erishmas ekanmiz, kelgusida ayrim tergov organlari xodimlarining bu kabi harakatlari davom etaveradi.
Tabiiyki, advokatlar orasida oʻz kasbiy faoliyatini vijdonan olib borish borasida yakdillik boʻlmasligi sohadagi har qanday islohotlarning samaradorligini shubha ostiga qoʻyishi mumkin.
YUXKM boshligi
U.Tulaganov