Янгиликлар
Mehnat shartnomasi yoki uning shartlarini haqiqiy emas deb topish
Mehnat shartnomasi yoki uning shartlarini haqiqiy emas deb topish
Baʼzi sudlarda mehnat shartnomasining xodim ahvolini qonunlarga nisbatan yomonlashtiruvchi shartlarini “bu shartlar haqiqiy emas, bu qoidalar qoʻllanmasligi kerak” desak, sudlar “shartnomaning bu sharti sud tomonidan haqiqiy emas deb topilmagan” deb eʼtiroz bildirishadi.
Mehnat kodeksining 17-moddasi talablariga koʻra xodimning holatini mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga nisbatan yomonlashtiradigan mehnat shartnomasi shartlari haqiqiy hisoblanmaydi.
Eʼtibor bering, MK 17-moddasining 3-qismida “haqiqiy boʻlmagan mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning qoidalari, shuningdek mehnat shartnomasining shartlari qoʻllanilmaydi. Bunday qoidalar va shartlar qabul qilingan paytdan eʼtiboran haqiqiy emas deb hisoblanadi” deyilgan.
Ayni mana shu qoida biz fikr yuritayotgan mavzuning “kulminatsion nuqtasidir”.
Yaʼni, mehnat shartnomasining haqiqiy boʻlmagan shartlari sud tomonidan alohida tartibda haqiqiy emas deb topilmaydi, bu masalada alohida daʼvo ham kiritilmaydi, aksincha, ushbu haqiqiy boʻlmagan shartlar shunchaki qoʻllanilmaydi. Tamom.
Sababi, bunaqangi haqiqiy boʻlmagan shartlar yuqoridagi qoidada aytilganidek, qabul qilingan kundan boshlab haqiqiy boʻlmaydi.
Bu qoidalar nafaqat mehnat shartnomalariga, balki qaysidir sharti haqiqiy boʻlmagan jamoa kelishuvi, jamoa shartnomalari va boshqa ichki lokal hujjatlarga ham tegishli.
Boʻstonliq tumani adliya boʻlimi
YUXKM Bosh yuriskonsulti
Sh.Mirzaaxmedov