Янгиликлар
Xodim yashash joyi manzili oʻzgarsa, ish beruvchini xabardor qilishi shartmi?
Xodim yashash joyi manzili oʻzgarsa, ish beruvchini xabardor qilishi shartmi?
Xodimning aniq manzili haqida xabardor boʻlib turish ish beruvchi uchun juda muhim, sababi, baʼzi mehnat munosabatlari haqida xodimning shaxsan oʻziga xabar berish imkoni boʻlmasa, ish beruvchi bu xabarlarni xodimning manziliga yuborishi kerak boʻladi. Pochta orqali albatta.
Masalan, mehnat shartnomasi bekor qilinganda, buyruq nusxasini yuborish, mehnat daftarchasini olib ketish haqida xabarnoma yuborish, mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi ogohlantirish xati yuborish va hokazolar.
Xodimning manzili u ishga qabul qilinayotganda, dastlab u bilan tuziladigan mehnat shartnomasida koʻrsatilishi aniq, lekin orada xodim manzilini oʻzgartirsachi? Bunday qanday boʻladi?
Mehnat kodeksining 107-moddasiga asosan taraflarning manzillari, jumladan, xodimning yashash joyi mehnat shartnomasida aniq koʻrsatilishi kerak boʻlgan asosiy shartlardan – rekvizitlardan biri hisoblanadi.
MK 107-moddasi 5-qismida shunday deyilgan:
➖rekvizitlar oʻzgargan taqdirda, mehnat shartnomasining tarafi ular oʻzgartirilgan paytdan eʼtiboran 3 ish kuni ichida bu haqda boshqa tarafga yozma shaklda xabar qilishi kerak.
Demak, xodimning yashash joyi oʻzgaradigan boʻlsa, u bu oʻzgarish haqida ish beruvchiga 3 ish kuni ichida yozma xabar berishi shart.
Bu degani, agar xodim bunday oʻzgarishlar haqida oʻz vaqtida ish beruvchini xabardor qilmagan boʻlsa, ish beruvchi mehnat shartnomasida koʻrsatilgan eski manzil boʻyicha ish yuritgani, jumladan, xodimning oʻsha eski manziliga xat-hujjat yuborgani notoʻgʻri boʻlmaydi.
YUXKM bosh yuriskonsulti Sh.Mirzaaxmedov