Янгиликлар
Mehnat shartnomasi bekor qilingan holda mehnat taʼtili berilganda, xodim ishdan boʻshash haqidagi arizasini chaqirib olishga haqlimi?
Mehnat shartnomasi bekor qilingan holda mehnat taʼtili berilganda, xodim ishdan boʻshash haqidagi arizasini chaqirib olishga haqlimi?
Doʻstlar, xodim mehnat shartnomasini oʻz tashabbusiga koʻra bekor qilish haqida ariza berganidan soʻng, ushbu arizasini MK 160-moddaning 1-qismida koʻrsatilgan ogohlantirish muddati ichida, yoki qisqartirilgan ogohlantirish muddati ichida chaqirib olishi mumkin.
Yaʼni, xodim ish beruvchiga ishdan boʻshash haqida 14 kalendar kun oldin oʻz tashabbusiga koʻra ariza berdi va ish beruvchi bu xodimni 14 kundan soʻng ishdan boʻshatadi. Biroq, xodim ana shu oxirgi 14-kunning oxirgi soati tugagunicha bergan arizasini chaqirish haqida qayta ariza bersa, xodimni ishdan boʻshatib boʻlmaydi (MK 160-moddasi 6-qismi).
Qarang, bizda keyinchalik mehnat shartnomasini bekor qilgan holda mehnat taʼtili berish degan amaliyot ham bor. Koʻpchilik buni ruschadagi “otpusk s posleduyuщim uvolneniyem” soʻzlaridan biladi.
Bu amaliyot eski tahrirdagi MKning 152-moddasi, yangi MKning 235-moddasidagi qoidalar bilan tartibga solingan.
Ayni paytda MK 235-moddasi talablariga koʻra xodimga uning tashabbusiga koʻra keyinchalik mehnat shartnomasini bekor qilgan holda har yilgi mehnat taʼtili berish mumkin. Va bunda buyruq chiqarish uchun mehnat taʼtiliga oid tegishli moddalardan tashqari, MK 160 va 235-moddalari ham asos qilib olinadi. Buyruq “xodimga mehnat shartnomasini bekor qilgan holda har yilgi mehnat taʼtili berish toʻgʻrisida” deb nomlanadi. Bitta buyruqda ham mehnat taʼtili berish, ham ishdan boʻshatish munosabati aks etadi. Bunday holatlarda mehnat taʼtilining oxirgi kuni mehnat shartnomasi bekor qilingan kun hisoblanadi (MK 235-moddasi 3-qismi).
Mana endi asosiy savolga keldik. Xodimga uning tashabbusiga koʻra mehnat shartnomasini bekor qilgan holda mehnat taʼtili berildi deylik. Bunday holatlarda xodim ana shu taʼtildan foydalanish davrida mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi arizasini chaqirib olish mumkinmi?
Eʼtibor bering, MK 235-moddasining 4-qismida shunday deyilgan: "xodimning tashabbusiga koʻra keyinchalik mehnat shartnomasini bekor qilgan holda har yilgi mehnat taʼtilini berish chogʻida ushbu xodim mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi arizasini oʻzining mehnat taʼtili boshlanadigan kunga qadar chaqirib olish huquqiga ega".
Yaʼni, bunday holatlarda xodim arizasining mehnat shartnomasini bekor qilish qismini agar mehnat taʼtili boshlanib boʻlgan boʻlsa, chaqirib olish huquqiga ega emas.
Masalan, xodimning arizasiga asosan 25-dekabr kuni buyruq chiqarilib, 28-dekabrdan mehnat taʼtili berish va taʼtil yakunida mehnat shartnomasini bekor qilish belgilandi. Taʼtil boshlanish kuni 28-dekabr.
Demak, bu misol boʻyicha xodim arizasining mehnat shartnomasini bekor qilish qismini chaqirib olishga faqat 28-dekabrgacha haqli xolos.
Boʻstonliq tumani adliya boʻlimi
YUXKM Bosh yuriskonsulti
Sh.Mirzaaxmedov