Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

27

Oʻzaro yaqin qarindoshlar qaysi hollarda davlat tashkilotida birga ishlashlari mumkin?


Oʻzaro yaqin qarindoshlar qaysi hollarda davlat tashkilotida birga ishlashlari mumkin?

 

Mehnat kodeksining 121-moddasiga asosan oʻzaro yaqin qarindosh yoki quda tomondan qarindosh boʻlgan shaxslarning (ota-ona, aka-ukalar, opa-singillar, oʻgʻillar, qizlar, er-xotin, shuningdek er-xotinning ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) aynan bitta davlat tashkilotida birga xizmat qilishi, agar ularning birga xizmat qilishi ulardan birining ikkinchisiga bevosita boʻysunishiga yoki uning nazorati ostida boʻlishiga bogʻliq boʻlsa taqiqlanadi.

Biroq, Vazirlar Mahkamasining 133-sonli qaroriga asosan quyidagilar bundan mustasno:

1. Xorijdagi diplomatik xizmat xodimlari.

2. Davlat qishloq xoʻjaligi korxonalari va tashkilotlari, shuningdek, qishloq joylardagi qishloq xoʻjaligi boʻyicha ilmiy-tadqiqot muassasalarida ishlovchi qishloq xoʻjaligi mutaxassislari.

3. Temir yoʻl transportining liniya korxonalari xodimlari, shuningdek, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksionerlik kompaniyasining yoʻl, qurilish-montaj va temir yoʻllarning ixtisoslashtirilgan trestlarining qurilish-montaj va koʻpriksozlik poyezdlari, mexanizatsiyalashgan kolonnalari va boshqa harakatlanuvchi tuzilmalarning xodimlari, bu korxona va tashkilotlarning bosh buxgalterlari va kassirlaridan tashqari.

4. Aloqadan foydalanish korxonalari va tashkilotlari xodimlari.

5. Sogʻliqni saqlash davolash-profilaktika va sanitariya-profilaktika muassasalarining shifokorlari.

6. Barcha oʻquv va tarbiya muassasalaridagi pedagog xodimlar, oʻqituvchilar, bibliograflar va kutubxonachilar.

7. Teatrlar, badiiy jamoalar va studiyalarning artistlari, rassomlari va musiqachilari.

8. Arxivlar xodimlari, bu muassasalarning bosh buxgalterlari, buxgalterlari va kassirlaridan tashqari, ilmiy muassasalar xodimlari, shuningdek, seysmik stansiyalar xodimlari.

9. Gidrometeorologiya bosh boshqarmasi tarmoq tashkilotlarining xodimlari.

10. Dala geologiya ekspeditsiyalari, partiyalari, otryadlari va uchastkalari xodimlari.

11. Qishloq joylarda ishlaydigan oʻrmon va suv xoʻjaligi mutaxassislari, xalq taʼlimi xodimlari, tibbiyot xodimlari, madaniy-maʼrifiy muassasalar xodimlari.

12. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllaridan foydalanishni amalga oshiruvchi yoʻl tashkilotlarining xodimlari, bu tashkilotlarning bosh buxgalterlari va kassirlaridan tashqari.

13. Qurilish-montaj va koʻpriksozlik qurish poyezdlari, mexanizatsiyalashgan kolonnalar va boshqa koʻchma maxsus qurilish tuzilmalarining xodimlari, bu tashkilotlarning bosh buxgalterlari va kassirlaridan tashqari.

14. Daryo floti kemalarining suzuvchi tarkibi xodimlari va daryo transportidan foydalanish korxonalari va tashkilotlari xodimlari, bu tashkilotlarning bosh buxgalterlari va kassirlaridan tashqari.

15. Magistral truboprovodlar qurilishi hamda neft va gaz konlarini tartibga keltirishni amalga oshiruvchi qurilish, qurilish-montaj va boshqa ixtisoslashtirilgan boshqarma va uchastkalarning xodimlari, bu tashkilotlarning bosh buxgalterlari va kassirlaridan tashqari.

16. Havza va koʻllardagi baliqchilik xoʻjaliklari, baliqchilik zavodlari, baliqlarga uvuldiriq sochish va ularni oʻstirish xoʻjaliklari va baliqlarni oziqlantiradigan joylarning xodimlari, bu korxonalarning bosh buxgalterlari va kassirlaridan tashqari.

 

 

Boʻstonliq tumani YUXKM

boshligi U.Tulaganov