Янгиликлар
Sud ishga tiklash ishlarida kasaba uyushmasi qoʻmitasi qarorini muhokama qilishi notoʻgʻrimi?
Sud ishga tiklash ishlarida kasaba uyushmasi qoʻmitasi qarorini muhokama qilishi notoʻgʻrimi?
Baʼzida ishga tiklash sudlarida kasaba uyushmasi qoʻmitasining xodimni boʻshatishga rozilik berish haqidagi qarorlariga ularni qabul qilish tartibiga rioya qilinmaganligini aytib eʼtiroz bildiramiz. Shunda ish beruvchi tomoni “ish beruvchi kasaba uyushmasi qoʻmitasi faoliyatiga aralashmaydi, shunday ekan, kasaba uyushmasi qoʻmitasi qarori toʻgʻri-notoʻgʻriligi buyruqqa taʼsir qilmaydi” deb qarshi fikr aytadi.
Xoʻsh, aslida bu fikrlarning qaysi biri toʻgʻri? Sud ishga tiklash ishlarida kasaba uyushmasi qoʻmitasi qarorining toʻgʻri-notoʻgʻri ekanligiga ham baho beradimi? Agar kasaba uyushmasi qarorini qabul qilishda qoidabuzarlik aniqlansa, xodim ishga tiklanadimi?
Oliy sud Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi "Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida"gi 26-son qarori 26-bandida shunday qoida bor:
Sudlarning eʼtibori xodimni ishdan boʻshatish uchun kasaba uyushmasi qoʻmitasining oldindan roziligini olish mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishning tartibiga kirishi sababli, ishga tiklash nizosini kurib chiqishda kasaba uyushmasi qoʻmitasining qarori belgilangan tartibga rioya qilingan holda qabul qilingan-qilinmaganligi holatiga ish yuzasidan barcha dalillar yigʻindisi asosida sud tomonidan baho berilishiga qaratilsin.
Mazkur koʻrsatmalarga binoan sudlar xodimni ishga tiklash ishlarini koʻrish davomida kasaba uyushmasi qoʻmitasining ishdan boʻshatishga rozilik berish haqidagi qarori toʻgʻri-notoʻgʻriligiga ham baho berishi kerak.
Masalan, bir tumandagi umumtaʼlim maktabidagi kasaba uyushmasi qoʻmitasi xodimni ish beruvchi tashabbusiga koʻra ishdan boʻshatishga rozilik berish haqida qaror chiqargan va ish beruvchi xodimni ishdan boʻshatgan. Biroq, qoʻmita yigʻilishidan oldin xodim ushbu yigʻilishga taklif ham qilinmagan, unga xabarnoma ham yuborilmagan.
Vaholanki, Kasaba uyushmalari federatsiyasi Ijroiya qoʻmitasining 2023-yil 23-maydagi 9-5-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kasaba uyushmasi qoʻmitasi organida mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga koʻra bekor qilish toʻgʻrisidagi taqdimnomasini koʻrib chiqish tartibi” 11-bandida xodimni kasaba uyushmasi yigʻilishida ishtirok etishi uchun unga yozma xabarnoma yuborilishi shartligi belgilangan.
Demak, bunday vaziyatda ishga tiklash nizosini koʻrayotgan sud 26-sonli Plenum qaroriga tayangan holda Kasaba uyushma qoʻmitasi qarorini qabul qilishda yuqoridagi tartib buzilgan degan hulosaga kelishi va yakunda xodimni ishga tiklash haqida qaror chiqarishi mumkin.
Boʻstonliq tumani adliya boʻlimi
YUXKM Bosh yuriskonsulti
Sh.Mirzaaxmedov