Янгиликлар
Tug‘ilganlik va o‘lim holatlarini rasmiylashtirishda “kompozit xizmat” nima uchun qulay?
Tug‘ilganlik va o‘lim holatlarini rasmiylashtirishda “kompozit xizmat” nima uchun qulay?
2017–2022-yillarda fuqarolar idorama idora sarson bo‘lishining oldini olish, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish tizimidagi davlat xizmatlarini qulaylashtirishga qaratilgan bir qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. Hukumat qaroriga (89-son, 25.02.2022-yil) ko‘ra O‘limni qayd qilish bilan bog‘liq kompozit davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Ilgari FHDYo tizimidagi xizmatlardan faqatgina oflayn, ya’ni idoraga shaxsan borib foydalanish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda juda ko‘plab xizmatlar raqamlashtirilgan.
Tibbiyot muassasasi xodimi – o‘lim holati tasdiqlangandan so‘ng, vafot etgan shaxs haqidagi ma’lumotlarni FHDYo bo‘limiga avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali yuboradi. FHDYo bo‘limi – axborot tizimi orqali avtomatik ravishda o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvini qayd etadi va ma’lumotni tibbiyot muassasasi va Pensiya jamg‘armasiga elektron shaklda yuboradi. Tibbiyot muassasasi xodimi – QR-kod tasviri tushirilgan o‘lim haqidagi ma’lumotnomani ariza beruvchilarga darhol ikki nusxada chop etib beradi. Pensiya jamg‘armasi bo‘limi – har oyning
5-sanasigacha o‘tgan oyda ushbu hududda to‘langan dafn etish uchun nafaqalarning umumiy miqdoridan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘larni Tijorat bankining hisobvarag‘iga moliyalashtiradi. Tijorat banki – QR-kod tushirilgan o‘lim haqidagi ma’lumotnoma asosida Pensiya jamg‘armasiga elektron so‘rov yuborish orqali tasdiqlaydi hamda oldindan moliyalashtirilgan mablag‘lar hisobidan nafaqa to‘lovini amalga oshiradi. FHDYO bo‘limi vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlari va merosxo‘rlarining istalgan vaqtdagi talabiga asosan eksterritorial tamoyil asosida o‘lim haqidagi gerbli guvohnomani chop etib beradi yoki pochta aloqasi orqali arizada ko‘rsatilgan manzilga yuboradi. Qarorga muvofiq, 2022-yil
1-apreldan Toshkent shahrida, 2022-yil 1-iyuldan esa butun respublika hududida tibbiyot muassasalari tomonidan o‘lim haqida tibbiy guvohnoma berish tartibi bekor qilinib, faqat elektron tizim orqali o‘lim haqida tibbiy ma’lumotnoma shakllantirish tartibi joriy etiladi.
Ilgari yurtdoshlarimiz farzandli bo‘lgach, FHDYo bo‘limlari eshiklarida sarg‘ayar, uzundan uzoq navbatlar kamlik qilganiday chaqaloqqa guvohnoma olish uchun xodimlarning qosh-qovog‘iga qarab muomala qilishga majbur bo‘lishardi.
Qolaversa, ko‘rsatiladigan xizmatlar preyskuranti ommadan sir tutilgani bois bir xil xizmat uchun turli joyda har xil to‘lov undirilardi. Ilgari birov bilib, birov bilmay qoladigan bunday ishlar ijtimoiy tarmoqlar ommalashgani ortidan fosh bo‘la boshladi.
2020-yildan tug‘ilish bilan bog‘liq barcha davlat xizmatlari umumlashtirildi, ya’ni kompozit xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Bunda birgina ariza yuborish orqali 6 ta xizmatdan foydalanish mumkin bo‘ladi:
tug‘uruqxonadan bola tug‘ilganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma berish;
FHDYo bo‘limida bola tug‘ilganligini qayd qilish;
bolani otasi yoki onasining doimiy yashash manziliga ro‘yxatga qo‘yish;
farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini olish;
poliklinikaga ro‘yxatga qo‘yish;
bolani maktabgacha ta’lim muassasasiga navbatga qo‘yish.
Kompozit davlat xizmatlari ko‘rsatilishining yo‘lga qo‘yilishi bilan 15 dan ortiq hujjat qisqarib, 4 ta idoraga borishga, fuqarolarning eshikma-eshik sarg‘ayib yurishlariga barham berildi. Bu esa Toshkentda yashayotgan viloyatliklarga o‘nga yaqin hujjatlarni poytaxtning o‘zida olish imkonini berdi.
Vafot etgan shaxsning yaqin qarindoshlari va merosxo‘rlarining istalgan vaqtdagi talabiga asosan eksterritorial tamoyil asosida o‘lim haqidagi gerbli guvohnomani chop etib berish yoki pochta aloqasi orqali arizada ko‘rsatilgan manzilga yuborish.
2023-yilning 1-yanvaridan boshlab esa tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olish uchun FHDYoga borish talab etilmaydigan bo‘ldi, tug‘uruqxonaning o‘zida tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga tenglashtiriladigan QR-kodli ma’lumotnomani olish mumkin. Hozircha Toshkentda joriy etilgan bu tartib 1-iyundan boshlab butun respublika hududida tatbiq qilindi.
Qibray tumani adliya bo‘limi Fuqarolik holati dalolatnomalarni qayd etish bo‘limi mudirasi Tashxodjayeva Azizaxon Alisherovna