Янгиликлар
Mehnat shartnomasi taraflarining moddiy javobgarligi
Mehnat shartnomasi taraflarining moddiy javobgarligi
Xodim va ish beruvchi o’rtasida mehnat shartnomasi imzolangandan so’ng taraflardan birining boshqa tarafga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplash majburiyatini ifodalaydigan yuridik javobgarlik bu - mehnat shartnomasi taraflarining moddiy javobgarligidir. Ushbu yuridik javobgarlik mehnat shartnomasidan tashqari mehnat shartnomasiga qo’shimcha kelishuvlar hamda jamoa shartnomasida ham belgilanib quyilishi mumkin. Zarar yetkazilgandan so’ng mehnat shartnomasining bekor qilinishi ushbu shartnoma tarafini moddiy javobgarlikdan ozod etmaydi.
Ish beruvchi xodim mehnat qilish imkoniyatidan g‘ayriqonuniy ravishda mahrum qilinganda, xodimning hayoti yoki sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganda, xodimga ish haqi to‘lash va unga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlar kechiktirilganda xodimga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplashi shart. Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa miqdori jabrlangan xodimning o‘rtacha oylik ish haqi asosida hisoblangan yillik ish haqidan kam bo‘lmasligi kerak.
Xodimning sog‘lig‘iga ziyon yetkazilganligi munosabati bilan yo‘qotilgan ish haqining o‘rnini qoplash uchun amalga oshiriladigan oylik to‘lovlar miqdori jabrlanuvchi mehnatda mayib bo‘lguniga qadar olgan o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan uning kasbiy mehnat qobiliyatining yo‘qotilishi darajasiga muvofiq bo‘lgan foizli nisbatda belgilanadi. Ziyonning o‘rnini qoplashga oid to‘lovni tayinlashda jabrlanuvchi oladigan ish haqi, stipendiya, pensiya va boshqa daromadlar hisobga olinmaydi. Agar jabrlanuvchining qo‘pol ehtiyotsizligi ziyonning kelib chiqishiga yoki ko‘payishiga sabab bo‘lsa, o‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan ziyon miqdori jabrlanuvchi aybining darajasiga qarab, muvofiq ravishda kamaytiriladi va bu holat mehnat shartnomasi taraflarining aralash javobgarligidir. Jabrlanuvchi tomonidan qo‘pol ehtiyotsizlik qilingan va ish beruvchining aybi bo‘lmagan hamda ish beruvchining javobgarligi u aybliligidan yoki aybsizligidan qat’i nazar yuzaga keladigan hollarda, o‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan zarar miqdori sud tomonidan ham kamaytirilishi mumkin. Bunda ziyonning o‘rnini qoplashni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Boquvchi bo‘lgan xodim mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq bo‘lgan mehnatda mayib bo‘lganligi, kasb kasalligi yoki sog‘liqqa yetkazilgan boshqa shikast tufayli vafot etgan taqdirda ish beruvchi marhumning qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga, shuningdek o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga yoki uning vafot etgan kuniga qadar undan ta’minot olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga, marhumning vafotidan keyin tug‘ilgan farzandiga ziyonning o‘rnini qoplashi shart.
Boquvchi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan ziyonning o‘rnini ish beruvchi tomonidan qoplash muddati - voyaga yetmagan shaxslarga — o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar; o‘n sakkiz yoshdan oshgan o‘quvchilarga — kunduzgi ta’limni tugatguniga, lekin ko‘pi bilan yigirma uch yoshga to‘lguniga qadar; ellik besh yoshdan oshgan ayollarga va oltmish yoshdan oshgan erkaklarga — umrbod; nogironligi bo‘lgan shaxslarga — nogironlik muddatiga; marhumning qaramog‘ida bo‘lgan bolalarini, nabiralarini, aka-ukalari va opa-singillarini parvarishlash bilan band bo‘lgan ota-onasidan biriga, eriga (xotiniga) yoki boshqa oila a’zosiga — qaramog‘idagi shaxslar o‘n to‘rt yoshga to‘lguniga qadar belgilanadi.
Boquvchi vafot etganligi munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori marhumning o‘rtacha yillik ish haqining olti baravaridan kam bo‘lmasligi kerak.
Qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oshishi bilan qaramoqdagi har bir shaxs uchun ziyonning o‘rnini qoplash summasi ham mutanosib ravishda oshadi.
Xodim ish beruvchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazilgan haqiqiy zararning o‘rnini qoplashi shart. Ish beruvchi moddiy zarar yetkazilgan aniq sharoitlarni hisobga olgan holda zararni aybdor xodimdan to‘liq yoki qisman undirishdan voz kechish huquqiga ega. Muayyan xodimlar tomonidan yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilishdan oldin ish beruvchi yetkazilgan zararning miqdorini va uning kelib chiqish sabablarini aniqlash uchun xizmat tekshiruvi o‘tkazishi shart.
Ish beruvchiga o‘rtacha oylik ish haqidan ortiq bo‘lmagan miqdorda yetkazilgan zarar summasini aybdor xodimdan undirish ish beruvchining zarar aniqlangan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirilmay qabul qilingan buyrug‘iga muvofiq amalga oshiriladi.
Agar yetkazilgan zararning xodimdan undirilishi lozim bo‘lgan summasi uning o‘rtacha oylik ish haqidan oshib ketsa yoki zarar aniqlangan kundan e’tiboran bir oylik muddat o‘tgan bo‘lsa, undirish sud tartibida amalga oshiriladi.
Angren shahar Yuridik xizmat
ko’rsatish markazi bosh yuristkonsulti
Aktamova Sitora O’tkir qizi