Янгиликлар
YAKKA TARTIBDAGI MEHNAT NIZOSINI MEHNAT NIZOLARI BO‘YICHA KOMISSIYADA KO‘RIB CHIQISH TARTIBI
YAKKA TARTIBDAGI MEHNAT NIZOSINI MEHNAT NIZOLARI BO‘YICHA KOMISSIYADA KO‘RIB CHIQISH TARTIBI
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya yakka tartibdagi mehnat nizosini xodim ariza bergan kundan e’tiboran o‘n kalendar kun ichida ko‘rib chiqishi shart.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyalarda ko‘riladigan yakka tartibdagi mehnat nizolari, zarur hollarda, xodimning ishdan tashqari vaqtida ko‘rib chiqilishi mumkin.
Mehnat nizosi ariza bergan xodim yoki uning vakili ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Xodim yoki uning vakili yo‘qligida mehnat nizosini ko‘rib chiqishga faqat xodimning yozma arizasi asosida yo‘l qo‘yiladi. Xodim yoxud uning vakili mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning majlisida hozir bo‘lmagan taqdirda, mehnat nizosini ko‘rib chiqish keyinga qoldiriladi. Xodim yoki uning vakili uzrli sabablarsiz ikkinchi marta majlisda hozir bo‘lmagan taqdirda, komissiya masalani ko‘rib chiqishdan olib tashlash to‘g‘risida qaror chiqarishi mumkin, bu esa xodimni ushbu Kodeksda belgilangan muddat doirasida mehnat nizosini ko‘rib chiqish haqida takroran ariza berish huquqidan mahrum etmaydi. Komissiyaning arizani ko‘rib chiqishdan olib tashlash to‘g‘risidagi qarori arizani ko‘rib chiqishdan olib tashlash sababi albatta ko‘rsatilgan holda xodimga yozma shaklda etkaziladi.
Xodim mehnat nizosini mehnat nizolari bo‘yicha komissiyada ko‘rib chiqishning har qanday bosqichida ushbu nizoni tugatishga haqlidir.
O‘n besh yoshdan o‘n olti yoshgacha bo‘lgan xodimlarning yakka tartibdagi mehnat nizolari ota-onasidan birining yoki vasiysining ishtirokida mehnat nizolari bo‘yicha komissiyada ko‘rib chiqiladi.
Xodim, kasaba uyushmasi qo‘mitasi mehnat nizosini ko‘rib chiqishda ishtirok etish uchun advokatni, ekspertni yoki boshqa uchinchi shaxsni taklif etish huquqiga ega.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya o‘z majlisiga guvohlarni chaqirish, mutaxassislarni taklif etish huquqiga ega.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning talabiga binoan ish beruvchi (uning vakillari) komissiyaga zarur bo‘lgan hujjatlarni komissiya tomonidan belgilangan muddatda taqdim etishi shart.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning majlisi, agar har bir tarafdan komissiya a’zolarining kamida yarmi hozir bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi.
Mehnat nizolari bo‘yicha komissiya majlisida ish beruvchining va kasaba uyushmasi qo‘mitasining teng miqdordagi vakillari ishtirok etishi kerak.
Yangiyo‘l shahar Yuridik xizmat
ko‘rsatish markazi boshlig‘i
Sh.Ro‘ziyeva