Янгиликлар
ER VA XOTINNING UMUMIY MULKI
ER VA XOTINNING UMUMIY MULKI
Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar, boʻlajak er-xotinning umumiy mablagʻlari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol koʻrsatilmagan boʻlsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.
Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari jumlasiga (er va xotinning umumiy mol-mulkiga) er va xotin har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan va intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlari, ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar, shuningdek maxsus maqsadga moʻljallanmagan boshqa pul toʻlovlari (moddiy yordam summasi, mayib boʻlish yoki salomatligiga boshqacha zarar yetkazish oqibatida mehnat qobiliyatini yoʻqotganlik munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash tarzida toʻlangan summalar va boshqalar) kiradi.
Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan koʻchar va koʻchmas ashyolar, qimmatli qogʻozlari, paylari, omonatlari, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablagʻlari kimning nomiga yoki er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan boʻlishidan qatʼi nazar, ular ham er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.
Er va xotindan biri uy-roʻzgʻor ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band boʻlgan yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega boʻlmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega boʻladi.
Yangiyo‘l shahar Yuridik xizmat
ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti
A.Kazimbayev