Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

OʻRTACHA ISH HAQI VA UNI HISOBLAB CHIQARISH TARTIBI


OʻRTACHA ISH HAQI VA UNI HISOBLAB CHIQARISH TARTIBI

 

Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan barcha hollar uchun oʻrtacha ish haqi u hisoblanadigan oydan oldingi oʻn ikki oyni tashkil etuvchi hisob-kitob davri yoxud agar xodim oʻn ikki oydan kam ishlagan boʻlsa, amalda ishlangan davr uchun xodimga hisoblangan ish haqidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Bunda tegishli oyning 1-kunidan 30 (31)-kuniga qadar (fevralda — 28 (29)-kunga qadar) boʻlgan davr oxirgi kunni ham qoʻshganda kalendar oy deb hisoblanadi.

 

Oʻrtacha ish haqini hisoblab chiqarish uchun xodimga hisoblangan ish haqining tarkibiga soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan, soliq solinishi lozim boʻlgan, ish beruvchi tomonidan haqiqatda amalga oshirilgan toʻlovlarning barcha turlari kiritiladi.

 

Mehnatga haq toʻlashning vaqtbay tizimidagi xodimlarning oʻrtacha ish haqi xodimning oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi oxirgi kalendar oy uchun tarif stavkasi (lavozim maoshi) miqdoridan kelib chiqib, xodimning oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi oʻn ikki kalendar oy uchun ustamalar, mukofotlar va boshqa toʻlovlar (ushbu Kodeks 248-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan ish haqining qoʻshimcha qismi) summasining oʻn ikkidan bir qismi oʻrtacha ish haqiga jamlangan holda belgilanadi.

 

Mehnatga haq toʻlashning ishbay tizimidagi xodimlarning oʻrtacha ish haqi xodimning oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi kalendar oy uchun ishbay baholar boʻyicha haqiqatda hisoblangan ish haqidan kelib chiqib, xodimning oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi oʻn ikki kalendar oy uchun ustamalar, mukofotlar va boshqa toʻlovlar (ushbu Kodeks 248-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan ish haqining qoʻshimcha qismi) summasining oʻn ikkidan bir qismi oʻrtacha ish haqiga jamlangan holda belgilanadi.

 

Mehnatga haq toʻlashning tarifsiz tizimlarida xodimlarning oʻrtacha ish haqi qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kelib chiqib, qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan oshadigan barcha toʻlovlarning oʻn ikkidan bir qismi oʻrtacha ish haqiga jamlangan holda belgilanadi.

 

Oʻrtacha ish haqi hisoblab chiqarilayotganda hisob-kitob davridan vaqt, shuningdek ushbu vaqtda hisoblangan summalar chiqarib tashlanadi, agar:

 

qonunchilikka muvofiq xodimning oʻrtacha ish haqi saqlanib qolgan boʻlsa, bundan ushbu Kodeksning 407-moddasida nazarda tutilgan bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar mustasno;

 

xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasini yoki homiladorlik va tugʻish nafaqasini olgan boʻlsa;

 

xodim ish beruvchiga va xodimga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra bekor turib qolish munosabati bilan ishlamagan boʻlsa;

 

xodimga ushbu Kodeksning 399-moddasiga muvofiq nogironligi boʻlgan bolalarni va bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarni parvarishlash uchun qoʻshimcha haq toʻlanadigan dam olish kunlari berilgan boʻlsa;

 

xodim qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda ish haqi toʻliq yoki qisman saqlanadigan yoki haq toʻlanmaydigan ishdan ozod etilgan boʻlsa.

 

Agar xodim hisob-kitob davri uchun va hisob-kitob davri boshlanguniga qadar haqiqatda hisoblangan ish haqiga yoki ishlab berilgan kunlarga ega boʻlmagan boʻlsa, oʻrtacha ish haqi xodim tomonidan oʻrtacha ish haqining saqlanib qolishi bilan bogʻliq boʻlgan hodisa yuz bergan oyda haqiqatda ishlab berilgan kunlar uchun hisoblangan ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

 

Agar xodim hisob-kitob davri uchun, hisob-kitob davri boshlanguniga qadar va oʻrtacha ish haqining saqlanib qolishi bilan bogʻliq boʻlgan hodisa yuz berguniga qadar haqiqatda hisoblangan ish haqiga yoki haqiqatda ishlab berilgan kunlarga ega boʻlmagan boʻlsa, oʻrtacha ish haqi unga belgilangan tarif stavkasidan (maoshidan) kelib chiqqan holda aniqlanadi.

 

Agar hisob-kitob davrining bir oyi yoki bir necha oyi toʻliq ishlab berilmagan yoki ushbu moddaning yettinchi qismiga muvofiq undan vaqt chiqarib tashlangan boʻlsa, oʻrtacha kunlik ish haqi hisob-kitob davri uchun haqiqatda hisoblangan ish haqi summasini toʻliq kalendar oylar soniga hamda toʻliq boʻlmagan kalendar oylardagi kalendar kunlar soniga koʻpaytirilgan ish kunlarining oʻrtacha oylik sonining (25,3) summasiga boʻlish orqali hisoblab chiqariladi. Toʻliq boʻlmagan kalendar oydagi ish kunlarining soni ish kunlarining oʻrtacha oylik sonini (25,3) ushbu oydagi ish kunlarining haqiqiy soniga boʻlish hamda mazkur oyda ishlab berilgan vaqtga toʻgʻri keladigan ish kunlari soniga koʻpaytirish orqali hisoblab chiqiladi.

 

Oʻrtacha kunlik ish haqi uni hisoblab chiqarishning barcha hollarida ushbu moddaning uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlariga muvofiq hisoblab chiqarilgan oʻrtacha ish haqi summasini ish kunlarining oʻrtacha oylik soniga (25,3) boʻlish orqali belgilanadi.

 

Oʻrtacha soatlik ish haqi uni hisoblab chiqarishning barcha hollarida ushbu moddaning uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlariga muvofiq hisoblab chiqarilgan oʻrtacha ish haqi summasini xodimning oʻrtacha ish haqi saqlanib qoladigan oydan oldingi oxirgi kalendar oyda ishlab berilgan soatlar soniga boʻlish orqali belgilanadi.

 

Alohida hollar (ish vaqti jamlab hisobga olinganda, uni hisoblab chiqarish uchun qabul qilingan davrda ish vaqti toʻliq ishlab berilmaganda, ushbu davrda ish haqi boʻlmaganda va boshqa hollarda) uchun xodimlarning oʻrtacha ish haqini hisoblab chiqarishning oʻziga xos xususiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

 

Barcha hollarda ish vaqtining oylik normasini ishlab bergan va mehnat shartnomasida belgilangan mehnat vazifasini bajargan xodimning oʻrtacha oylik ish haqi qonunchilikda belgilangan hisoblash kunidagi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlishi mumkin emas.

 

Hisob-kitob davrida tariflarni qayta koʻrib chiqish chogʻida oʻrtacha oylik ish haqi oʻzgartirilgan tarifni hisobga olgan holda qayta hisob-kitob qilinishi lozim.

 

Yangiyo‘l shahar Yuridik xizmat

ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti

A.Kazimbayev