Янгиликлар
MIKROFIRMALARDA VA ISH BERUVCHI BOʻLGAN JISMONIY SHAXSLARDA ISHLOVCHI SHAXSLAR MEHNATINI HUQUQIY JIHATDAN TARTIBGA SOLISHNING OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI
MIKROFIRMALARDA VA ISH BERUVCHI BOʻLGAN JISMONIY SHAXSLARDA ISHLOVCHI SHAXSLAR MEHNATINI HUQUQIY JIHATDAN TARTIBGA SOLISHNING OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Mehnat Kodeksining 504-moddasiga asosan mikrofirmalar jumlasiga kiritilgan ish beruvchilarda xodimlarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solish ushbu paragrafda belgilangan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
Agar ish beruvchi boʻlgan mikrofirma tadbirkorlik subyektlarining belgilangan tasnifiga muvofiq mikrofirmalar jumlasiga kirmay qolsa, davlat statistika organlari tomonidan ish beruvchi boʻlgan mikrofirma toʻgʻrisida tegishli maʼlumotlar kiritilgan paytdan eʼtiboran ushbu ish beruvchida yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga muvofiq ushbu paragrafda belgilangan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olinmagan holda amalga oshirilishi kerak.
Ish beruvchi boʻlgan mikrofirma ichki hujjatlarni (ichki mehnat tartibi qoidalarini, mehnatga haq toʻlash toʻgʻrisidagi nizomni, mukofotlash haqidagi nizomni, smenalar jadvalini va boshqalarni) qabul qilishdan toʻliq yoki qisman voz kechishga haqli. Bunda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish uchun ish beruvchi boʻlgan mikrofirma xodimlar bilan tuziladigan mehnat shartnomalariga mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq ichki hujjatlar bilan tartibga solinishi zarur boʻlgan shartlarni kiritishi kerak. Mazkur mehnat shartnomalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan namunaviy shakl asosida tuziladi.
MKning 506-moddasiga asosan ish beruvchi boʻlgan mikrofirma xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishda ish beruvchi boʻlgan mikrofirma xodimi ish beruvchi boʻlgan mikrofirmani yetti kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirgan holda, mehnat shartnomasini oʻz tashabbusiga koʻra bekor qilishga haqli.
Ish beruvchi boʻlgan mikrofirma oʻz xodimi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslardan tashqari mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra bekor qilishga haqli.
Ish beruvchi boʻlgan mikrofirma xodimini mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida ogohlantirish muddatlari, shuningdek mehnat shartnomasi bekor qilinganda toʻlanadigan ishdan boʻshatish nafaqasini hamda boshqa kompensatsiya toʻlovlarini toʻlash hollari va miqdorlari mehnat shartnomasida belgilanadi, agar ular belgilanmagan boʻlsa, xodimlarga ushbu Kodeks hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan umumiy kafolatlar tatbiq etiladi.
Yangiyo‘l shahar Yuridik xizmat
ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti
S.Kamalov