Янгиликлар
Yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar va imtiyozlar
Yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar va imtiyozlar
Soʻnggi yillarda olib borilgan islohotlar samarasi natijasida mamlakatimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlashning kompleks tizimi yaratildi. Bilimli, keng dunyoqarashga ega vatanparvar yigit-qizlarni tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilandi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-yanvardagi “Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilinib, ushbu qarorga asosan Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi va Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2021-2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha tasdiqlandi. Ushbu “yoʻl xaritasi”ga asosan bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Bolalar Ombudsmani toʻgʻrisida”gi qonunini qabul qilish; Oʻzbekiston yoshlari portalini tashkil etish va unda yoshlar siyosatini baholash milliy indekslari, yoshlarga oid qonun hujjatlari bazasini va “Yoshlar murojaati” elektron platformasini shakllantirish; “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida uyushmagan va ishsiz yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish; “Hunarli kishi xor boʻlmas” gʻoyasi asosida usta hunarmandlar qoʻlida ishsiz yoshlarga kasb-hunar oʻrgatish maqsadida hududlarda “ustoz-shogird” anʼanasini yangi tizimda joriy etish kabi bir qator vazifalar belgailab berilgan.
Yoshlarga berilayotgan imtiyozlarga toʻxtaladigan boʻlsak, bizga maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
2021-yil 28-apreldagi “Moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 250 son Qaroriga asosan mamlakatimizda aholi, shu jumladan, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti ogʻir, ishsiz va kasb-hunarga ega boʻlmagan, huquqiy va maʼnaviy-psixologik qoʻllab-quvvatlashga zarurati boʻlgan fuqarolarga davlat tomonidan manzilli koʻmaklashish boʻyicha “Yoshlar daftari” tizimi amaliyotga joriy etildi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi “yoshlar muammolarini oʻrganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi
312-sonli Qaroriga asosan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi namunaviy Nizom tasdiqlandi.
“Yoshlar daftari” jamgʻarmasi mablagʻlari quyidagilarga:
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan moddiy ahvoli qiyin yoshlarga BHMning 4 baravarigacha miqdorda bir martalik moddiy yordam koʻrsatishga;
Yoshlarni tadbirkorlik va kasb-hunarga oʻqitish boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlariga sarflanadigan xarajatlarning 75 foizigacha qismini qoplashga;
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyati hamda oʻzini-oʻzi band qilish maqsadida noturar joyning 12 oygacha ijara xarajatlarini koʻpi bilan bir yilda BHMning 25 baravarigacha miqdorda qoplashga;
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va oʻzini-oʻzi band qilishga zarur boʻlgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun BHMning 40 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratishga;
Mamlakatimizdagi OTMda oʻqiyotgan “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlari toʻlov-kontrakt summasining 50 foizigacha, ammo BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda toʻlab berishga;
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarni ahvoli ogʻir boʻlgan bemor farzandlariga mamlakatda yoki xorijiy davlatda davolanish bilan bogʻliq xarajatlarni BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda qoplashga yoʻnaltiriladi.
Shuningdek mazkur qaror ijrosi boʻyicha Yoshlar ishlari agentligi tuman (shahar) boʻlimlari “Yoshlar daftari” jamgʻarmasining ishchi organi hisoblanadi.
Bundan tashqari, Chirchiq shahar adliya boʻlimi tomonidan yoshlar bilan bevosita uchrashuvlar oʻtkazilib, yoshlarga davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar, chunonchi taʼlim olish, tadbirkorlik bilan shugʻullanishdagi imtiyozlar haqida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Adliya boʻlimi huquqni qoʻllash amaliyotini tizimli tahlil qilish va uning izchilligi va bir xilligini taʼminlash boʻyicha taʼsirchan choralarni ishlab chiqib, yoshlarning huquq va erkinliklari, ularning haqiqiy ehtiyojlari bilan bogʻliq holda taʼminlanishiga erishishlariga koʻmak berilmoqda.
Oʻtgan davr mobaynida yoshlarning kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni tahlil qilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha qonunchilikka berilgan takliflar koʻplab byurokratik toʻsiqlarni oldini olganligini koʻrishimiz mumkin.
Chirchiq shahar adliya boʻlimi
Davlat xizmatlari Markazi
direktori E.U.Eshonboboyev