Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

1. SAVOL: Noto‘g‘ri to‘langan deb topilgan ustama derektor xisobidan tulanishi kanchalik tugri Yuridik maslaxat bersangiz.


1.     SAVOL:

Noto‘g‘ri to‘langan deb topilgan ustama derektor xisobidan tulanishi kanchalik tugri Yuridik maslaxat bersangiz.

JAVOB:

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi 823-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini ragʻbatlantirishning direktor jamgʻarmasini tashkil etish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida”nizom 16-bandiga asosan umumtaʼlim muassasasi pedagog, psixolog va kutubxona xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga har oylik ustama belgilash, xodimlarni mukofotlash va ularga moddiy yordam koʻrsatishning toʻgʻri, xolis va adolatli amalga oshirilishi uchun javobgarlik Ishchi guruh rahbari zimmasiga yuklatiladi.

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, ustamaning toʻgʻri toʻlanishi uchun Ishchi guruh rahbari javobgar ekanligi qayd etilgan.

Bunda nizomning 10-bandiga muvofiq ishchi guruh rahbari – direktor hisoblanadi.

Shunga koʻra, ustamalar notoʻgʻri toʻlanganligi tufayli javobgarlik direktorning zimmasida hisoblanadi.

2. SAVOL:

Savolim shundan iborat. Maktabda o‘qituvchi b‘lib ishlayman. Direktorimiz  ishdan keyin,bayram kunlarida  soat 20 .00 da  zoom  orqali yig‘ilish o’tkazib bizni yig‘ilishga kirishga majburladi. Men shu yig‘ilishga kirishga majburmanmi? Axir men o‘z ishimni yani ushbu kungi darsimni o‘tib kelganmanku?

JAVOB:

Ish beruvchi ish vaqtidan keyin xodimni biror masalada bezovta qilishi mehnat qonunchiligini buzish sanaladi.

Mehnat kodeksi kodeks 115-moddasiga koʻra, ish beruvchi xodimdan quyidagilarni talab qilishga haqli emas:

agar ushbu Kodeksda va boshqa qonunda boshqacha qoidalar belgilanmagan boʻlsa, mehnat shartnomasida shart qilib koʻrsatilmagan ishni bajarishni;

qonunga xilof boʻlgan, xodimning yoki boshqa shaxslarning huquqlarini buzadigan, hayoti va sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyadigan, ularning shaʼni, qadr-qimmati hamda ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan harakatlarni amalga oshirishni.

Shuningdek, ushbu kodeks 184-moddasida pedagog xodimlarning ish vaqti haftasiga 36 soat ekanligi belgilangan. Bunda kunlik ish vaqti 6 soatni tashkil etishini hisobga olsak, ish beruvchi ushbu vaqtdan tashqari holatda xodimni turli majlis yoki tadbirlarga jalb qilishi notoʻgʻridir.

Bunday vaziyatlarda ish beruvchiga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 49-moddasi bilan (yaʼni mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish) bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

3.SAVOL:

Sizga murojatim men 2023-yil 11-dekabr kuni o’z xohishimga binoan ishdan bo’shashga ariza yozdim. Bugun ishxonada sheriklarimga kartoshka puli tushdi ammo, menga tushmadi. Men 7 yil ishlaganman va mehnat ta’tiliga har yili chiqganman bu yil ham yil boshida mehnat tatili oldim endi menga (raschotnoy) hisoblanib menga pul tushishi kerakmi yo‘qmi?

JAVOB:

Kartoshka puli tashkilotda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xodimlarga beriladi.

Mazkur qoʻshimcha toʻlov summasi va toʻlash tartibi jamoa shartnomasida belgilanadi. Mehnat kodeksining 299-moddasiga koʻra ishdagi yutuqlar uchun xodimga nisbatan ragʻbatlantirish choralari qoʻllanilishi mumkin.

Bunda ragʻbatlantirish turlari (shu jumladan moddiy), ularni qoʻllash tartibi jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, ichki mehnat tartibi qoidalari hamda mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlarda va mehnat shartnomasida belgilanadi.

Jamoa shartnomasida barcha xodimlarga kartoshka puli toʻlanishi belgilangan boʻlsa, bu pul sizga ham toʻlanishi kerak. Chunki MK 160-moddasiga koʻra siz ariza bergan vaqtdan soʻng 14 kun oʻtib mehnat shartnomasini bekor qilish haqida buyruq chiqariladi. Ungacha siz xodim maqomida boʻlasiz.

Bunga yana bir asos MK 172-moddasi sanaladi. Ushbu normaning toʻrtinchi qismiga asosan oʻzi bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimga mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyingi davrda biror-bir toʻlovlar (oy, chorak, yil yakunlari boʻyicha mukofotlar) hisoblangan taqdirda, ushbu toʻlovlar xodim tomonidan tegishli talab qoʻyilganidan keyin uch kundan kechiktirmay amalga oshiriladi.

Yuqoridagi qoidalarga koʻra, siz ham kartoshka pulini olishingiz mumkin.

 

 

 

4.SAVOL:

Savolim quyidagicha: men shu yili mehnat taʼtilimning yarmini yani 25 kunini olib, 24 kuni kolgan. Ushbu taʼtilni keyingi yilgan koʻchirsam boʻladimi? Shu yil olmasam kuyadimi?

JAVOB:

Mehnat kodeksining 230-moddasi birinchi qismida har yilgi mehnat taʼtili har yili, ushbu taʼtil berilayotgan ish yili tugaguniga qadar berilishi kerakligi qayd etilgan.

Qoidaning mazmunidan hamma xodimlar taʼtillarini shu ish yilining oʻzida olishi, ish beruvchi esa taʼtilni shu ish yilida berishi shartligi kelib chiqmoda.

Lekin yuqoridagi normaning ikkinchi qismiga asosan ishlab chiqarish xususiyatiga ega sabablarga koʻra joriy yilda har yilgi mehnat taʼtilini toʻliq berish imkoni boʻlmagan alohida hollarda xodimning roziligi bilan taʼtilning oʻn toʻrt kalendar kundan ortiq boʻlgan qismi keyingi ish yiliga koʻchirilishi mumkin boʻlib, ushbu yil davomida undan foydalanilishi shart.

Demak, mazkur asoslardan biri boʻlganda xodimning taʼtilning bir qismini (14 kalendar kundan ortiq) kelasi yilga koʻchirishi mumkin va bunda xodim kelasi yil oʻsha taʼtildan foylanishi lozim.

Shunga koʻra siz ham taʼtilning qolgan qismini kelasi yilga koʻchirishingiz mumkin.

Agar bunday boʻlmagan taqdirda, taʼtilning qolgan qismi uchun ishdan boʻshagan vaqtingizda kompensatsiya olasiz (Mehnat Kodeksining 234 va 172-moddasi)

5. SAVOL;

Men ixtisoslashtirilgan maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlayman. 30-yanvardan tugʻriq taʻtiliga chiqishim kerak. Poliklinikadagi shifokor menga dekabr oyidan chiqishimni tavsiya qilmoqda chunki u kishini gaplariga qaraqganda 2024-yil yanvardan tugʻruq taʻtili kunlari ham toʻlovlarini ham qisqartirish toʻgʻrisida buyruq kelibdi. Shu qonuniy asosga egami? Qonunchilikda yanvardan tugʻruq taʻtilini va pulini qisqartirish boʻyicha biron bir oʻzgarish boʻldimi? Boʻlsa qarorni ayta olasizmi?

JAVOB:

Mehnat kodeksining 404-moddasiga binoan ayolga tugʻruqqacha yetmish kalendar kun hamda tugʻruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tugʻish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tugʻilgan taqdirda yetmish kalendar kun) homiladorlik va tugʻish taʼtili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin oʻrtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam boʻlmagan miqdorda nafaqa toʻlanadi.

 

Shuningdek, Mehnatga layoqatsizlik varaqalarini berish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 2667, 17.04.2015-y.) 27-bandi homiladorlik va tugʻish boʻyicha mehnatga layoqatsizlik varaqasi homiladorlikning oʻttizinchi haftasidan boshlab hududiy ambulator-poliklinikalarning, akusher-ginekolog (umumiy amaliyot shifokori) tomonidan bosh shifokor oʻrinbosari bilan birgalikda berilishi qayd etilgan.

 

Chirchiq shahar Adliya bo’limi

YXKM bosh yuriskonsulti                                              S. M. Imomaliyev.