Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

Savol: Bir insonning yuzi yoki uning ovozi shaxsga doir maʼlumotmi?


Savol:

Bir insonning yuzi yoki uning ovozi shaxsga doir maʼlumotmi?

Javob:

“Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi qonunning 4-moddasiga asosan shaxsga doir maʼlumotlar deganda muayyan jismoniy shaxsga taalluqli boʻlgan yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qogʻozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborot tushuniladi.

Adliya vazirligi tomonidan 2023-yilning 15-noyabrida 3478-son bilan davlat roʻyhatidan oʻtkazilgan “Shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishning namunaviy tartibi”ning 1-bandiga koʻra biometrik maʼlumotlar ham shaxsga doir maʼlumot hisoblandi.

Ushbu bandga asosan biometrik maʼlumotlar deganda, subyektning anatomik va fiziologik oʻziga xos xususiyatlarini tavsiflovchi shaxsga doir maʼlumotlar (barmoq izlari, yuz koʻrinishi, koʻz gavhari, ovoz xususiyatlari va boshqalar) tushunilishi koʻrsatilgan.

Demak, qaysidir insonning yuz koʻrinishi, uning koʻz gavhari va ovoz hususiyatlari kabilar ham oʻsha insonning shaxsiga doir maʼlumot hisoblanadi.

 

Savol:

Homiladorligim sababli ishlashda biroz toliqib qiyinchilik boʻlmoqda. Boʻlim boshligʻim chaqirtirib yarim stavkaga oʻtishimni aytishmoqda. Yarim stavkaga oʻtishga majburmanmi?

JAVOB.

Umuman majbur emassiz. Mehnat kodeksining 392-moddasiga koʻra homiladorligi yoki farzandi borligi bilan bogʻliq sabablarga koʻra ishga qabul qilishni rad etish yoki mehnatga haq toʻlash miqdorini kamaytirish taqiqlanadi.

Agar sizning sogʻligʻingizda homiladorlik sababli muammolar yuzaga kelayotgan boʻlsa, hududiy tibbiyot muassasangiz shifokoriga uchrashib, bu haqida tibbiy xulosa oling.

Olingan tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat koʻrsatish normalari avvalgi ishlaridagi oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda kamaytiriladi yoki ular yengilroq ishga yoxud noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan xoli boʻlgan ishga oʻtkaziladi. Ishlab chiqarish normalarini kamaytirish, shuningdek vaqtincha boshqa ishga oʻtkazish muddatlari tibbiy xulosaga muvofiq belgilanadi. Homilador ayolga yengilroq ish yoki noqulay ishlab chiqarish omillari taʼsiridan xoli boʻlgan ish berish masalasi hal etilguniga qadar, u buning oqibatida qoldirilgan barcha ish kunlari uchun oʻrtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim (MK 394-modda).

Agar xohlasangiz, tibbiy xulosangizni ilova qilib yozma iltimosnoma yoki ariza bergan holda sizning iltimosingizga hamda mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga koʻra, sizga ish beruvchingiz toʻliqsiz ish vaqti (toʻliqsiz ish kuni (smena) va (yoki) toʻliqsiz ish haftasi, shu jumladan ish kunini qismlarga boʻlgan holda) belgilashi shart. Toʻliqsiz ish vaqti ham muddati cheklanmagan holda, ham mehnat shartnomasi taraflari kelishgan har qanday muddatga belgilanishi mumkin. Lekin toʻliqsiz ish vaqti shartlarida ishlaganda xodimning mehnatiga haq toʻlash u ishlab bergan vaqtga mutanosib ravishda yoki u bajargan ishning hajmiga qarab amalga oshiriladi. (MK 186, 398-moddalar).

Savol:

Xodim tomonidan boshqa lavozimga utish buyicha yozma rozilik xati ish beruvchiga yozib berilgandan sung usha xodim boshga lavozimga utish tugrisidagi kushimcha kelishuvga imzo chikishdan bosh tortsa rozilik xati xukukiy asoslantiruvchi xujdat sifatida kabul kilinadimi?

Javob:

Mehnat kodeksining 140-moddasi birinchi qismida “xodimni boshqa ishga doimiy oʻtkazishga faqat uning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi” deyilgan.

Biroq, bu xodimni doimiy boshqa ishga oʻtkazishdagi yagona qoida emas, boshqa qoidalar ham bor Mehnat kodeksida.

Mehnat Kodeksning 149-moddasi ikkinchi qismiga koʻra, “xodimni doimiy boshqa ishga oʻtkazish toʻgʻrisida, ... haqida buyruqlar chiqarish uchun mehnat shartnomasiga kiritilgan oʻzgartishlar asos boʻladi”.

Yaʼni har qanday holatda ham xodimni bir ishdan boshqa bir ishga doimiy ravishda oʻtkazar ekansiz, buyruq chiqarishdan avval xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga oʻzgartirish kiritishga majbursiz. Bunday oʻzgartirish esa ikki tomonlama tuziladigan alohida kelishuv bilan rasmiylashtiriladi va unga xodim imzo qoʻymasa, kelishuv tuzilmagan hisoblanadi.

SAVOL.

YATT da ishlagan davr mehnat stajiga kiritiladimi?

JAVOB.

Mehnat kodeksining 507-513-moddalarida bu xolat batafsil tushuntirilgan.

MK 508-moddaga koʻra, xodim bilan YATT oʻrtasida mehnat shartnomasi 3 nusxada tuziladi, ulardan biri YATTda qoladi, ikkinchisi xodimga, uchinchisi davlat soliq xizmati organiga taqdim etiladi.

Bunda, YATT tomonidan yollanma xodimlarni ishga qabul qilish buyruq eʼlon qilmasdan amalga oshiriladi. YATT da ishlovchi xodimlarga mehnat daftarchalari yuritilmaydi.

Lekin 512-moddada “YATTda yollanib ishlash davrlari, ijtimoiy soliq toʻlansa, xodimning mehnat stajiga qoʻshib hisoblanadi. Xodimning mehnat stajini hisobga olish ijtimoiy soliq toʻlash toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi” deyilgan.

Shu sababli, xavotirga oʻrin yoʻq, yuqoridagilarga asosan ijtimoiy soliq oʻz vaqtida toʻlab borilsa, YATT da ishlagan barcha davrlaringiz mehnat stajingizga qoʻshiladi.

Savol:

Assalomu alaykum. Uzr, bezovta kildim. Kadrlar boʻyicha savolim bor edi. Restoranda ishlayotgan xamma xodimlar, shu jumladan direktor, buxgalter, oshpaz va ofitsiantlar 086-forma yoki med.knijka takdim qilishlari majburiymi?

Javob:

Mehnat kodeksining 360-moddasiga asosan oziq-ovqat sanoatida, savdoda va bevosita aholiga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa tarmoqlarda ish bilan band boʻlgan shaxslar ham majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtishi kerak boʻlgan shaxslar qatoriga kiritilgan. Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 29-avgustda 2387-son bilan davlat roʻyhatidan oʻtkazilgan “Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 3-ilovasiga asosan umumiy ovqatlanish tashkilotlarida ishlovchilar, restoran kafe, oshxona, bufetlar va boshqa umumiy ovqatlanish shoxobchalari xodimlari ham majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtishi shart. Demak, siz aytgan xodimlarning majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtishi kerakligi yuqoridagi qonun va qonunosti hujjatlari bilan belgilab qoʻyilgan.

 

Majburiy tibbiy koʻrik 2 turga boʻlinadi: dastlabki va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtish.

 

 

Chirchiq shahar Adliya bo’limi

YXKM bosh yuriskonsulti                                              S. M. Imomaliyev.