Янгиликлар
Adliya javob beradi Savol: Ayollar daftariga kirgan fuqoroga hech qanday kredit olmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun subsidiya berilishi mumkinmi?
Adliya javob beradi
Savol: Ayollar daftariga kirgan fuqoroga hech qanday kredit olmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun subsidiya berilishi mumkinmi?
Javob: Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 11 maydagi 252-son qaroriga asosan tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz, shu jumladan, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak bo‘lgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun — 7 million so‘mgacha, xotin-qizlarga 10 million so‘mgacha subsidiyalar ajratiladi.
Buning uchun siz asbob-uskuna va/yoki mehnat qurollari xarid qilish uchun subsidiya ajratish bo‘yicha tavsiya berishni so‘rab o‘zingizning doimiy yashash manzilingizdagi hokim yordamchisiga yoki «Onlayn mahalla» elektron platforma orqali ariza bilan murojaat qilishingiz mumkin.
Arizangizda ishsiz fuqaroning familiyasi, ismi va otasining ismi, doimiy yashash manzili, pasport seriyasi va raqami (ID-karta raqami), ishsizligi, shu jumladan, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ning birida turganligi, o‘z faoliyatini boshlash uchun xarid qilish kerak bo‘ladigan asbob-uskuna va/yoki mehnat qurollarining nomi, so‘ralayotgan subsidiya miqdori, tadbirkor sifatida davlat xizmatlari markazida davlat ro‘yxatidan yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tganligi ko‘rsatiladi.
Arizangiz uzog‘i 3 kun muddatda ko‘rib chiqiladi.
Arizangizni ko‘rib chiqish natijasida hujjatlar to‘liq taqdim etilgan va unda kamchiliklar yoki yolg‘on ma’lumotlar aniqlanmagan taqdirda, sizga tegishli mehnat quroli dalolatnoma asosida topshiriladi.
Bekobod tumani adliya bo‘limi Inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish bo‘linmasi bosh maslahatchisi
Musayev Sunnatillo Soibjonovich