Янгиликлар
Sport sohasida davlat xizmatlarini koʻrsatish yanada takomillashtiriladi
Sport sohasida davlat xizmatlarini koʻrsatish yanada takomillashtiriladi
Sport nafaqat jismoniy va maʼnaviy sogʻlomlik asosi, balki hayotga katta umid bilan kirib kelayotgan yoshlarni turli zararli yot gʻoya va odatlardan asrash, ularga oʻz qobiliyati va isteʼdodlarini toʻla ruyobga chiqarish vositasi hamdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 24-maydagi PQ-162-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, sport sohasida davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonlarini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi 3-noyabr 2023-yilida “Sport sohasini davlat xizmatlarini koʻrsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori qabul qilinibb ijroga qaratildi.
Mazkur qaror bilan davlat sport taʼlim muassasalariga hamda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi futbol akademiyalariga oʻquvchilarning hujjatlarini qabul qilish, ularning oʻqishini koʻchirish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlari tasdiqlandi:
Reglamentga koʻra, davlat sport taʼlim muassasalariga oʻquvchilarning hujjatlarini qabul qilish uchun ariza beruvchilar har yili quyidagi muddatlarda Davlat xizmatlari markaziga yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat qiladi:
-Olimpia va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari uchun 20-iyundan 20-iyulgacha (shu kuni ham);
-Sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablari, Olimpia va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari uchun 1-avgustdan 21-avgustgacha (shu kuni ham).
Qaror asosida, soʻrovnoma toʻldirilib, 3 ish kunida koʻrib chiqiladi.
Shuningdek, ariza beruvchining yashash manzili boʻyicha sport taʼlim muassasasida tanlagan sport turi boʻlmagan taqdirda, yaqin hududda joylashgan boshqa sport taʼlim muassasasi biriktiriladi.
Qarorga koʻra, ariza beruvchi murojaati boʻyicha yuborilgan sport taʼlim muassasasiga onlayn navbat boʻyicha boradi va tegishli hujjatlarni taqdim etadi.
Shunga koʻra, qabul komissiyasi 1 ish kunida hujjatlarni imtihon topshirish uchun qabul qilish yoki sababini aniq koʻrsatgan holda uni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Murojaat rad etilganda ariza beruvchi 5 ish kunida avvalgi ariza raqamini koʻrsatib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etgan holda qayta murojaat qilishi mumkin.
Bundan tashqari, davlat xizmati koʻrsatilganligi uchun ariza beruvchidan yigʻim undirilmaydi.
Qaror bilan, mazkur davlat xizmati 2023-yil 1-dekabrdan boshlab koʻrsatilishi belgilangan.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan har yili 1-yanvargacha davlat xizmati koʻrsatiladigan hududlar roʻyxati, qabul muddatlari tasdiqlanib, oʻz rasmiy saytida eʼlon qilinadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan qator islohotlar zamirida xalqning turmush tarzini yaxshilash, aholining barcha qatlamlarida maʼnan va jismonan sogʻlom muhitni yaratish, salomatlikni mustahkamlash gʻoyasi yotibdi. Shu bois ayni paytda jismoniy tarbiya va sportga eʼtibor davlat ahamiyatiga molik muhim ijtimoiy-siyosiy vazifaga aylangan.
Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N.Anarqulova