Янгиликлар
173 nafar tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari hal etildi
173 nafar tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari hal etildi
Toshkent viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish yoʻnalishi boʻyicha oʻtgan 2023-yil davomida 18 ta davlat tashkilotida 43 ta normativ-huquqiy hujjatlar qoʻllanilishi ahvoli oʻrganildi.
Davlat organlari va tashkilotlarining huquqni qoʻllash amaliyoti tahlil qilinib, sohani takomillashtirish yuzasidan 260 ta taklif ishlab chiqildi. Boshqarma tomonidan muqaddam ishlab chiqilib, vazirlikka kiritilgan takliflar inobatga olinmoqda.
Masalan, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 18-moddasiga quydagi qisim bilan toʻldirish taklif etilgan. Isteʼmolchi maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan eʼtiboran oʻn toʻrt kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga bunday tovar sotuvda boʻlmasa, pulini qaytarib olishga haqli. Tovar qaytarib berilganida sotuvchi pulni darhol qaytarish choralarini koʻrishi, agar shartnoma mavjud boʻlsa shartnomada belgilangan muddat ichida isteʼmolchiga toʻlagan pul summasi qaytarishi shartligini belgilash.
Sababi, amaliyotda ushbu qonun bilan isteʼmolchi maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini sotib olingan joydagi sotuvchidan pulini qaytarib olish jarayoni toʻliq tartibga solinmagan. Ushbu qonunda isteʼmolchiga tovar pulini qaytarish muddati koʻrsatilmaganligi sababli turli ovoragarchiliklarni yuzaga keltirmoqda.
Mazkur amaliyot Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi davlatlari misolida oʻrganilganda, tovar qaytarib berilganida sotuvchi pulni darhol qaytarish choralarini koʻrishi va tovarini xarid qilgan kunidan eʼtiboran oʻn toʻrt kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga bunday tovar sotuvda boʻlmasa, pulini qaytarib olishga haqliligi belgilangan.
2023-yilning oʻtgan davri mobaynida 173 nafar tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari koʻrib chiqilib hal etildi.
Masalan, “Shox Asr Market” MCHJ rahbari A.Turgunboyevning “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali sotib olingan noturar joy binosi uchun toʻlangan summadan chegirma qilinishi lozim boʻlgan pullarni undirishda amaliy yordam soʻrab yoʻllagan murojaati koʻrib chiqilganda “Shox Asr Market” MCHJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent viloyat boshqarmasi oʻrtasida 2022-yil 15 -noyabrda 628/22-A-sonli oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilgan boʻlib, shartnomada koʻrsatilgan jami 424 182 000 soʻm pul mablagʻlari xaridor “Shox Asr Market” MCHJ tomonidan bir oy ichida (2022-yil 5-dekabr kuniga qadar) toʻliq toʻlanganligi aniqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-oktabrdagi 279-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat koʻchmas mulk obyektlarini sotish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 90-bandiga koʻra agar xaridor oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab bir oy ichida sotib olish toʻlovlarini toʻliq amalga oshirsa, sotib olish toʻlovlari summasidan oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan sanadagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining yillik qayta moliyalashtirish stavkasiga teng miqdorda chegirma beriladi. Agar sotib olish toʻlovlari ushbu chegirmani hisobga olmagan holda amalga oshirilgan boʻlsa, sotuvchi tomonidan chegirma summasi belgilangan tartibda ortiqcha toʻlangan mablagʻ sifatida qaytariladi deb belgilangan.
Shunga asosan, Toshkent viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Oʻrtachirchiq tumanlararo iqtisodiy sudiga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent viloyat hududiy boshqarmasidan “Shox Asr Market” MCHJ foydasiga ortiqcha toʻlangan pul mablagʻini qaytarish yuzasidan daʼvo ariza kiritilib, iqtisodiy sudning 13-martdagi 4-1104-2301/598-sonli hal qiluv qaroriga asosan 63 627 300 soʻm pul mablagʻini qaytarilishi taʼminlandi.
Abduvakil Sodiqov,
Toshkent viloyati adliya
boshqarmasi shoʻba boshligʻi