Янгиликлар
Har bir murojaat alohida nazoratda
Har bir murojaat alohida nazoratda
Bugun mamlakatimizda barcha darajadagi vazirlik va idoralar mansabdor shaxslarining aholi murojaatlari bilan ishlash mexanizmi yaratilib, joylarda rahbarlar bilan jonli muloqotlar, sayyor qabullar, onlayn murojaat hamda takliflar qabul qilish yoʻlga qoʻyildi. Bu esa inson qadri uchun xalq manfaatlari ustuvorligini taʼminlashga, muammolarni joyida hal qilishga imkoniyat yaratmoqda. “Inson qadri uchun” degan tamoyil barcha islohotlarimizning asosini tashkil etmoqda.
Adliya tizimi vakillari ham aholi ehtiyojlari va talablari asosida ish olib borib, asosiy eʼtiborlarini jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida koʻtarilgan dolzarb masalalarning ijobiy hal etishga qaratmoqda.
Yurtimizda davlat organlarining aholi bilan muloqotini takomillashtirish borasida koʻplab normativ-huquqiy hujjatlar, xususan, yangi tahrirdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. “Oʻzbekiston - 2030” strategiyasida xalq bilan muloqotni yanada kengaytirish orqali aholi muammolarini aniqlash va hal etish tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq maqsad va vazifalar belgilandi.
Shundan kelib chiqib Toshkent viloyati adliya boshqarmasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari oʻz vaqtida koʻrib chiqilib, hal etilmoqda.
Oʻtgan 2023-yilda jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar alohida nazoratga olingan holda oʻrganilishi natijasida 9 ming 79 ta murojaatning 8 ming 783 tasi yoki 96,7 % hal qilinishi, shu jumladan 6 ming 273 tasi (71,4%) qanoatlantirilishi va 2 ming 510 tasi boʻyicha huquqiy tushuntirish berilishi taʼminlandi.
Oʻrganishda aniqlangan qonunbuzilish holatlari boʻyicha vakolatli idoralarga taqdimnoma va daʼvo ariza kiritildi. Kiritilgan maʼmuriy materiallarga asosan 233,1 mlrd. soʻmlik mablagʻlar undirilishiga erishildi. 60,8 mlrd. soʻmlik 956 ta daʼvo ariza qanoatlantirilib, 10 ming 348 ta noqonuniy qarorlar bekor qilindi hamda haqiqiy emas deb topildi. Bular asosida 508 nafar aybdor shaxsning intizomiy javobgarlikka tortildi. Shu jumladan, 45 nafari bilan mehnat shartnomalarining bekor qilindi. 670 nafar shaxs esa maʼmuriy javobgarlikka tortilishi taʼminlandi.
Xususan, Quyi Chirchiq tumani adliya boʻlimi tomonidan “Olgʻabos agro” MCHJning parvarish qilib kelingan bogʻi hamda yer maydoni tuman hokimligi tomonidan asossiz zahiraga olinib boshqa foydalanuvchiga berib yuborilganligi natijasida yetkazilgan zararni undirishda amaliy yordam soʻrab yozgan murojaati oʻrganib chiqildi. Jumladan, oʻrganish natijasida haqiqatdan ham yer maydoni asossiz zahiraga olinib, boshqa foydalanuvchiga berib yuborilganligi aniqlandi. Quyi Chirchiq tumanlararo Iqtisodiy sudga daʼvo ariza kiritilib, 417 854 000 soʻm miqdorda yetkazilgan zarar tuman hokimligidan undirib berildi.
Shuningdek, Boʻka tumani Oʻrta-tepa mahallasida yashovchi fuqaro Ismoil Obidov Boʻka tumani adliya boʻlimiga murojaat qilib, 2014-2021-yillarda ishlagan davri uchun mexnat tatili olmaganligi, ushbu yillardagi mexnat faoliyati uchun foydalanmagan mexnat tatillari boʻyicha kompensatsiya toʻlovlarini undirib berishda amaliy yordam berishni soʻragan. Murojaat oʻrganilishi natijasida, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 234-moddasi 1-qismi talablari buzilganligi aniqlandi. Fuqarolik sudiga foydallanilmagan tatil uchun 7 847 085 soʻm kompensatsiya pullarini undirib berish yuzasidan daʼo arizasi kiritildi. Sud qarori bilan fuqaroga 7 847 085 soʻm undirilib berildi.
Albatta, aholi manfaatlarini himoya qilish, xalqda rozilik, shukronalik hissini shakllantirish bugun barcha darajadagi davlat idoralarining asosi vazifasi boʻlmogʻi kerak. Qolaversa, “Inson – jamiyat – davlat” degan yangi tizim asosida Oʻzbekiston oldinga qarab intilar ekan, inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish muhimdir.
Qahramon Xafizov,
Toshkent viloyati adliya
boshqarmasi shoʻba boshligʻi