Янгиликлар
Qonuniy qayd etilmagan nikohning 5 oqibati
Qonuniy qayd etilmagan nikohning 5 oqibati
Oila kodeksining 13-moddasiga muvofiq, nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida (FHDYO) tuzilsa, qonuniy hisoblanadi. FHDYOda qayd etilmagan har qanday nikoh noqonuniydir. Jumladan, sharʼiy nikohdan oʻtib oila boʻlib yashaganda ham nikoh qonuniy deb topilmaydi.
Quyida qonuniy qayd etilmagan nikoh keltirib chiqaradigan 5 ta muhim oqibat borasida toʻxtalamiz.
Birinchi oqibat: qonuniy boʻlmagan nikoh javobgarlik keltirib chiqaradi
Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 473-moddasiga asosan nikohi FHDYO dan oʻtmagan kelin-kuyovlarga diniy nikoh oʻqilsa, maʼmuriy javobgarlik kelib chiqadi. Unga koʻra, huquqbuzar bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladi .Agar shu qilmish bir yil ichida qayta takrorlanadigan boʻlsa, jinoiy javobgarlik ham kelib chiqadi.
Ikkinchi oqibat: noqonuniy nikohda boʻlib turib ham aliment undirish mumkin
Oila kodeksimizda ota-onalarning oʻz farzandlari uchun taʼminot berishi ularning majburiyati sifatida koʻrsatilgan. Agar bu majburiyat ixtiyoriy ravishda bajarilmasa, sud qarori bilan aliment undirilishi mumkin. Aliment undirishda ota-ona qonuniy nikohdan oʻtgan yoki oʻtmaganligi ahamiyatga ega emas. Bolaning biologik otasi yoki onasi maʼlumligi aliment undirish uchun kifoya. Bolaning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi (metrika)da “otasi” degan joyiga shu erkakning ism-sharifi yozilgan boʻlsa, undan aliment undirish mumkin boʻladi. Tugʻilganlik haqidagi guvohnomada otaning ism-sharifi koʻrsatilmagan, yoki er bolaning otasi ekanligini tan olmasa xotin sudga otalikni belgilash va aliment undirish toʻgʻrisida daʼvo arizasi kiritishi mumkin. Bunda sud otalikni aniqlash boʻyicha DNK ekspertizasini tayinlaydi. Ekspertiza natijasi shu erkakni bolaning otasi ekanligini koʻrsatsa, daʼvo qanoatlantiriladi.
Uchinchi oqibat: qonuniy qayd etilmagan nikohdan tugʻilgan bola merosxoʻr boʻla oladi
Fuqarolik kodeksining 1135-moddasiga koʻra, meros qoldiruvchining bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun boʻyicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega boʻladilar.
Bu nima degani? Nikoh qonuniy qayd etilmagan. Oʻrtada farzand tugʻilgan. Vaqtlar oʻtib, er vafot etdi. Agar farzand shu vafot etgan kishining bolasi ekanligi ayon boʻlsa (masalan, “metrikasida” otasi sifatida koʻrsatilsa), bu bola merosxoʻr boʻla oladi. Qonuniy qayd etilmagan nikohdan tugʻilgan bola merosxoʻr boʻla olsa ham, xotin meros talab qila olmaydi.
Toʻrtinchi oqibat: oʻrtada faqat sharʼiy nikoh boʻlganda xotin mulkiy daʼvo qila olmaydi
Oila kodeksimizga muvofiq, er-xotin qonuniy nikoh davomida har qanday mol-mulk orttirsa, bu ularning oʻrtasidagi umumiy mulk hisoblanadi. Shunda nikohdan ajrashganda, hattoki ajrashmay turib ham xotin bu mulklardan oʻz ulushini talab qilishi mumkin. Lekin bu qoida faqat nikoh qonuniy tartibda tuzilganidagina amal qiladi. Sharʼiy nikohda boʻlganda nikoh qonuniy hisoblanmaydi. Shuning uchun er-xotining mulkiy huquqlariga doir qoidalar ham bunga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bundan kelib chiqadiki, qonuniy qayd etilmagan nikohda xotin sotib olingan uydan ulush talab qila olmaydi va merosxoʻr boʻla olmaydi.
Beshinchi oqibat: noqonuniy nikohda boʻlganda ham ayol (erkak) uy-joyga kiritib qoʻyilishi mumkin
Uy-joy kodeksining 32-moddasida bir qoida bor. Unga koʻra, uy, kvartira mulkdorining oila aʼzolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishga haqlidirlar. Misol uchun erning nomida uyi bor. U noqonuniy nikohdagi ayoli bilan bu uyda 4 yildan beri doimiy yashab keladi. Bu ayol yoqmay qolib, er uni uyidan chiqarib yuborishga haqqi yoʻq. Ayol bunday vaziyatda uyga kiritib qoʻyishni soʻrab sudga murojaat qilishi mumkin. Chunki ayol bu erkak bilan mazkur uyda doimiy yashab kelgan. Shu tufayli unda mulkdor, yaʼni er bilan ushbu uyda yashash huquqi vujudga kelgan.
Oqqoʻrgʻon tumani Adliya boʻlimi
YUXKM bosh yuriskonsulti N.P.Nazarimbetov