Янгиликлар
O‘QUVCHINI BIR MAKTABDAN BOSHQASIGA O‘TKAZISH TARTIBI QANDAY?
O‘QUVCHINI BIR MAKTABDAN BOSHQASIGA O‘TKAZISH TARTIBI QANDAY?
O‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir umumiy o‘rta ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko’ra:
Ota-onalar o‘z xohishiga ko‘ra o‘quv yili davomida yoki u tugaganidan so‘ng farzandini bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish huquqiga ega.
Ota-onalar farzandini bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish uchun uning sabablarini ko‘rsatgan holda o‘quvchi ta’lim olayotgan maktab direktori nomiga ariza bilan murojaat qiladi.
Ariza maktab direktori tomonidan bir ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi va o‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktabga taqdim etish uchun maktabdan ketish taloni beriladi.
Ota-onalar farzandi o‘qishni davom ettirishi uchun tanlangan maktab direktoriga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga maktabdan ketish taloni ilova qilinadi.
O‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktab direktori ariza va maktabdan ketish talonini qabul qilib olgach, shu kunning o‘zida ota-onalarga o‘quvchi ta’lim olayotgan maktabga taqdim etish uchun maktabga kelish talonini beradi.
O‘quvchi ta’lim olayotgan maktab direktori maktabga kelish talonini qabul qilib olgach, shu kunning o‘zida o‘quvchini maktab o‘quvchilari safidan chiqarish to‘g‘risida buyruq qabul qiladi. Maktab direktori mazkur buyruq bilan ota-onalarni tanishtirganligi to‘g‘risida imzo qo‘ydirib, ularga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi va hujjatlar berilganligi to‘g‘risida tilxat oladi:
o‘quvchining maktab o‘quvchilari safidan chiqarilganligi to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma;
o‘quvchining baholar (o‘zlashtirish) tabeli;
o‘quvchining tibbiy kartasi.
Nodavlat umumta’lim tashkilotidan o‘qishini davlat umumta’lim muassasasiga ko‘chirgan o‘quvchilarning ota-onalari o‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktab direktoriga ta’lim oluvchilar safidan chiqarilganligi to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma, o‘qiganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma hamda ta’lim oluvchining baholar (o‘zlashtirish) tabelini taqdim etadi.
Ota-onalarning hujjatlarni olganligi haqidagi tilxati, kelish taloni va o‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktab direktorining o‘quvchining o‘qishga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi buyrug‘idan ko‘chirma o‘quvchining maktabda saqlanadigan shaxsiy hujjatlar yig‘majildiga tikib qo‘yiladi.
O‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktab direktori boshqa maktabdan o‘tkazilayotgan o‘quvchining o‘quv jarayonlaridan chetda qolib ketmasligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi shart.
O‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktab direktori belgilangan hujjatlarni qabul qilib olgach, shu kunning o‘zida o‘quvchini maktab o‘quvchilari safiga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqaradi.
Maktab direktori mazkur buyruqdan ko‘chirmani bir ish kuni ichida o‘quvchi ilgari ta’lim olgan maktabga ma’lumot uchun yuboradi.
O‘quvchini o‘quvchilar safidan chiqarish to‘g‘risida yoki maktab o‘quvchilari safiga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqarilgach, uch kun muddatda sinf jurnali va o‘quvchilar harakati daftariga tegishli yozuv kiritiladi.
O‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktabga o‘tkazilgan o‘quvchi o‘n kun ichida sababsiz yoki maktab rahbariyati va sinf rahbarini xabardor qilmasdan dars mashg‘ulotlariga kelmasa, maktab direktori bu haqda ota-onalarni, o‘quvchining yashash joyidagi Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasini hamda o‘quvchi ilgari ta’lim olgan maktab direktorini yozma ravishda ogohlantiradi va bir vaqtning o‘zida o‘quvchining darslarga kelmaganligi sabablarini aniqlash va uni dars mashg‘ulotlariga jalb etish choralarini ko‘radi.