Янгиликлар
Yuridik shaxsning javobgarligi
Yuridik shaxsning javobgarligi
Yuridik shaxs oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi.
Davlat korxonasi va mulkdor tomonidan moliyaviy taʼminlanadigan muassasa oʻz majburiyatlari boʻyicha Fuqarolik Kodeksida nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida javob beradilar.
Yuridik shaxsning muassisi (ishtirokchisi) yoki uning mol-mulkining mulkdori yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxs, shuningdek qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxs yuridik shaxsning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, yuridik shaxs esa muassisning (ishtirokchining) yoki mulkdorning yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxsning yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxsning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, bundan Fuqarolik Kodeksida yoki yuridik shaxsning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Agar yuridik shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi shu yuridik shaxs uchun majburiy koʻrsatmalarni berish huquqiga ega boʻlgan muassis (ishtirokchi) sifatidagi shaxsning yoki yuridik shaxs mol-mulki mulkdorining yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxsning yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxsning gʻayriqonuniy harakatlari tufayli vujudga keltirilgan boʻlsa, yuridik shaxsning mol-mulki yetarli boʻlmagan taqdirda bunday shaxs zimmasiga qonunga muvofiq uning majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin.
Muassis (ishtirokchi) yoki yuridik shaxs mol-mulkining mulkdori shu yuridik shaxsning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan taqdirdagina majburiy koʻrsatmalar berish huquqiga ega.
Yuridik shaxs uchun majburiy koʻrsatmalar berish huquqiga ega boʻlgan muassis (ishtirokchi) yoki mulkdor yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxs yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxs yuridik shaxsning muayyan harakatni amalga oshirishi oqibatida toʻlovga qobiliyatsiz boʻlib qolishini oldindan bilib, oʻz huquqidan uning shunday harakatni amalga oshirishini koʻzlab foydalangan holdagina yuridik shaxsning toʻlovga qobiliyatsizligi ular tomonidan vujudga keltirilgan deb hisoblanadi.
Piskent tumani adliya boʻlimi Yuridik xizmat koʻrsatish markazi bosh yuriskonsulti Mavlanov R.A.