Янгиликлар
Bolalar Ombudsmani toʻgʻrisida qonun imzolandi.
Bolalar Ombudsmani toʻgʻrisida qonun imzolandi.
Joriy yilning 29-fevral kunida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi.
Mazkur Qonunning maqsadi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) faoliyatini tartibga solishdan iborat.
Oʻzbekiston Respublikasida ombudsman faoliyatining asoslari 1997-yil 24-aprelida qabul qilingan “Oliy Majlisning inson huquqlari vakili ( Ombudsman) toʻgʻrisida” gi qonunida belgilangan.
Vakil oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari, boshqa qonun hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga, shuningdek, xalqaro huquqning umum etirof etgan prinsiplari va normalariga asoslanib, oʻz vakolatlarini mustaqil ravishda hamda davlat organlariga va ularning mansabdor shaxslariga tobe boʻlmagan tarzda amalga oshiradi hamda oʻz faoliyatida Oliy Majlis palatalariga hisobdordir.
Qonunga koʻra, bola huquqlari boʻyicha vakil (Bolalar ombudsmani) mansabdor shaxs boʻlib, u davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.
Mazkur Qonunga binoan, bola huquqlari boʻyicha vakil Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan 5 yil muddatga saylanadi.
Qonun bilan, bola huquqlari boʻyicha vakilning asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari belgilab qoʻyildi, jumladan:
-mansabdor shaxslarga bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishiga yoʻl qoʻyilmasligi haqida ogohlantirishlar yuborish;
-davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlariga bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlari, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
-harakatlari yoki harakatsizligida bola huquqlari buzilganligi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida tegishli organlarga iltimosnomalar kiritish huquqiga ega.
Shuningdek, vakil har yili, hisobot yilidan keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay Oliy Majlis palatalariga bola huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilish holati haqida maʼruza taqdim etadi.
Vakil bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha choralar koʻradi.
Bola huquqlari boʻyicha vakil oʻzining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi vakilini tayinlaydi.
Zangiota tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova