Янгиликлар
Sugʻurta polislarini qogʻoz shaklida rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinadi
Sugʻurta polislarini qogʻoz shaklida rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinadi
Sugʻurta bozorini yanada rivojlantirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali sugʻurta xizmatlarining ommabopligini va sifatini oshirish, shuningdek, sohani tartibga solishni yanada takomillashtirish maqsadida joriy yilning 1-mart kunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Sugʻurta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Sugʻurta- maʼlum voqealar (sugʻurta hodisasi) yuz berganda jismoniy va yuridik shaxslarining mulkiy manfaatlarining himoyasi boʻyicha munosabatlarni anglatuvchi atama. Himoya manfaatlari himoya qilinayotganlar tomonidan toʻlanuvchi sugʻurta badallaridan (sugʻurta mukofotlari) shakllanuvchi pul jamgʻarmalari hisobiga amalga oshiriladi.
Sugʻurta toʻlovi-hayot va sogʻliqni sugʻurtalash shartnomasida nazarda tutilgan sugʻurta hodisasi yuz berishi natijasida kelib chiqqan zararlarni qoplash uchun sugʻurtalovchi sugʻurtalanuvchiga toʻlanadigan summa, shuningdek sugʻurta shartnomasi shartlariga muvofiq amalga oshirilgan har qanday toʻlov hisoblanadi.
Mazkur qaror bilan aholi va tadbirkorlik subyektlarining sugʻurta xizmatlaridan foydalanishini soddalashtirish, shuningdek, sohada raqamlashtirishni jadallashtirish orqali sugʻurta tashkilotlari faoliyatining shaffofligini taʼminlash yoʻnalishida bir qator yangiliklar kiritilib;
– Yagona axborot tizimida majburiy ravishda sugʻurta (qayta sugʻurta) shartnomalarini elektron roʻyxatga olinadi va sugʻurta polislari rasmiylashtiriladi hamda qogʻoz shaklda rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinadi;
– majburiy sugʻurta turlari boʻyicha shartnomalarning oʻz vaqtida, elektron shaklda tuzilishini taʼminlash boʻyicha vazirlik va idoralarning maʼlumotlar bazalari integratsiya qilinadi;
– Istiqbolli loyihalar milliy agentligining Yagona axborot tizimida sugʻurta tashkilotlarining hisobotlari bosqichma-bosqich avtomatik ravishda shakllantiriladi va soddalashtiriladi;
– sugʻurta bozori professional ishtirokchilari faoliyatiga aralashmagan holda Yagona axborot tizimida ularning faoliyati onlayn-monitoring qilinadi.
Shuningdek, qaror bilan sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, aholining sugʻurta savodxonligini oshirish, sugʻurtaning yangi turlarini ommalashtirish va joriy etish yoʻnalishida:
– 2024-yil 1-sentyabrdan boshlab koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati boʻyicha “sugʻurta tashkilotlari reytingi” yuritiladi;
– sugʻurta madaniyatini va aholining sugʻurta xizmatlariga boʻlgan ishonchini oshirishga qaratilgan mavzuli dasturlar va koʻrsatuvlar tashkil etiladi;
– yuklatilgan sugʻurta turlarini bosqichma-bosqich kengaytirish, ixtiyoriy tibbiy sugʻurtaning qamrovini oshirish, yuridik shaxlarning koʻchmas mulkini texnogen va tabiiy ofatlardan majburiy sugʻurtalash tizimini joriy etish, “takafful” va “yashil sugʻurta” sugʻurta mahsulotlarini ommalashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, qarorga koʻra, sugʻurta bozorida sogʻlom raqobat va toʻlov qobiliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillarga barham berishda:
– elektron sugʻurta xizmatlarini koʻrsatish tartibi takomillashtiriladi;
– sugʻurta zaxiralarini hisoblash va sugʻurtalovchilarning toʻlov qobiliyatini aniqlashda xalqaro standartlarga bosqichma-bosqich oʻtiladi;
– sugʻurta faoliyatini litsenziyalash tartibi takomillashtiriladi, jumladan litsenziya talablariga axborot tizimlarining mavjudligi belgilanadi;
– 2025-yil oktyabrdan boshlab keyingi 5 yil davomida sugʻurta tashkilotlari uchun tabaqalashtirilgan ustav kapitalining eng kam miqdori bosqichma-bosqich oshirilishi belgilandi;
– Agentlikka aktuar hisob-kitoblarga asoslangan tavsiyaviy xarakterga ega sugʻurta tariflarining minimal miqdorini belgilash huquqi berildi;
– sugʻurta tavakkalchiligi darajasiga sezilarli taʼsir koʻrsatuvchi holatlardan kelib chiqqan holda transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta tariflarini qayta koʻrib chiqiladi.
Qarorga asosan, sugʻurta sohasida yangi avlod kadrlarini tayyorlash yoʻnalishida:
– ilgʻor xorijiy tajriba asosida taʼlim dasturlarini va oliy taʼlimning milliy standartlarini qayta koʻrib chiqiladi bakalavriatda oʻqish muddatini 4 yildan 3 yilgacha qisqartirish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi;
– sugʻurta ishi boʻyicha sugʻurta tashkilotlarining yuqori boshqaruv organlari xodimlari malakasi muntazam oshirilishini taʼminlanadi.
Mazkur qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasi sugʻurta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlangan boʻlib, unga koʻra bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga oʻzgartirish kiritish va yuqoridigi yoʻnalishlar boʻyicha bosqichma-bosqich bajarilishi rejalashtirilgan aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Zangiota tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova