Янгиликлар
Oilaviy tadbirkorlik uchun 14 foizdan kredit beriladi
Oilaviy tadbirkorlik uchun 14 foizdan kredit beriladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar yillik 14 foizda quyidagilar uchun ajratilishi belgilangan:
— oilaviy tadbirkorlik, daromad topish va faoliyatini kengaytirish uchun aholi va tadbirkorlarga – 3 oydan 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha;
— chorvachilik, baliqchilik, quyonchilik, asalarichilik, kurkachilik va parrandachilik, biogumus ishlab chiqarish, “dala doʻkonlari” qurish va koʻchma muzlatkichlarni oʻrnatish uchun – 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilga;
— bogʻdorchilik, uzumchilik va limonchilik, issiqxona qurish, qishloq xoʻjaligi texnikasi va asbob-uskunalarini xarid qilish uchun, artezian quduqlarini qazish uchun – 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha;
— oilaviy mehmon uylari, xostellar, oʻtov lagerlari majmuasi, avtokempinglar, ekouylar majmuasi, konteyner shaharchalar va chodirli lagerlar tashkil etish va ularni taʼmirlash uchun – 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 5 yilgacha;
— “Hunarmand” uyushmasi aʼzolariga asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xomashyo materiallarini xarid qilish uchun – 3 yilgacha muddatga hamda aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun 18 oygacha;
— charm-attorlik mahsulotlari, charmdan tayyor kiyimlar, oyoq kiyimlari, sport inventarlari, shuningdek furnitura, aksessuarlar va moʻynachilik mahsulotlari ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xom ashyo materiallarini xarid qilish uchun — 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 5 yilgacha muddatga.
Xurshid Pirnazarov,
Toshkent viloyati adliya
boshqarmasi shoʻba boshligʻi