Bog'lanish

Telefon
(+998 70) 201-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

Nogiron farzandni tarbiyalayotgan xodimlarga mehnat qonunchiligida qanday kafolatlar belgilangan


Nogiron farzandni tarbiyalayotgan xodimlarga mehnat qonunchiligida qanday kafolatlar belgilangan

Mamlakatimizda nogiron farzandi tarbiyalayotgan xodimlarga alohida imtiyoz hamda kafolatlar belgilangan va bu kabi kafolatlardan foydalanishga to‘sqinlik qilmoqchi yoki buni amalga oshirishga qarshi chiqayotgan ish beruvchilar qonunchilikda belgilangan tarzda javobarlikka tortiladi.

Biz nogiron farzandni tarbiya qilayotgan xodimlarga qanday kafolatlar mavjudligini quyida ko‘rib chiqamiz. Avvalo, Mehnat kodeksning 398-moddasiga ko‘ra: o‘n olti yoshgacha bo‘lgan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan birining (ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxsning) iltimosiga ko‘ra tibbiy xulosaga binoan to‘liqsiz ish vaqti belgilashi shartligi belgilangan.

Bundan tashqari, biz bilamizki, mehnat qonunchiligiga asosan birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat ta’tilidan foydalanish huquqi xodimda u ushbu ish beruvchida uzluksiz ishlagan 6 (olti) oy o‘tganidan keyin yuzaga keladi. Ammo, Mehnat kodeksning 227-moddasiga muvofiq: o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolani tarbiyalayotgan shaxslarga (yolg‘iz ota-onaga, shu jumladan beva ayollarga, beva erkaklarga, nikohdan ajralganlarga, muddatli harbiy xizmatdagi harbiy xizmatchilarning xotinlariga, ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxslarga) – ish davri olti oy o‘tguniga qadar xodimning xohishiga ko‘ra quyidagilarga har yilgi mehnat ta’tili beriladi.

Shuni ta’kidlash kerakki, hozirda ko‘p nogiron farzandni tarbiyalayotgan xodimlar qo‘shimcha dam olish huquqi borligini bilishmaydi. Vaholangki, Mehnat kodeksining 399-moddasiga ko‘ra: o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolani tarbiyalayotgan ota-onadan biriga (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsga) oyiga qo‘shimcha bir dam olish kuni berilib, davlat ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan shu vaqt uchun bir kunlik ish haqi miqdorida nafaqa to‘lanadi.

Bundan tashqari, bu toifadagi xodimlar yillik mehnat ta’tillarini olishda ham huquqlari kafolatlangan bo‘lib, Mehnat kodeksining 400-moddasiga muvofiq: o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolani) tarbiyalayotgan yolg‘iz otaga, yolg‘iz onaga (beva erkaklarga, beva ayollarga, nikohdan ajrashganlarga, yolg‘iz onalarga) yillik mehnat ta’tillari, ularning xohishiga ko‘ra, ular uchun qulay bo‘lgan vaqtda beriladi.

Shuningdek, nogiron farzandni tarbiyalayotgan xodimlarga mehnat ta’tili olishdagi imtiyozdan tashqari, ularga o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsga) har yili davomiyligi kamida to‘rt kalendar kun bo‘lgan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi.

Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, mamlakatimizda xodimlarning imkoniyati hamda sharoitidan kelib chiqqan holda ularga qo‘shimcha shart-sharoit yaratilgan va yaratilmoqda. Fikrimizning isboti sifatida nogiron farzandni tarbiyalayotgan xodimlarga Mehnat kodeksi bilan ularga berilgan kafolatlarni ko‘rishimiz mumkin. O‘ylaymanki, jamiyatning rivojlanishi va taraqqiy etishida davlatning o‘z fuqarolariga yaratayotgan imkoniyatlari muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Chirchiq shahar adliya bo‘limi

yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

bosh yuriskonsulti T.T.Bektoshev