Янгиликлар
AYOLLARGA FARZAND TUG‘ILISHI MUNOSABATI BILAN BERILADIGAN SUYUNCHI PULI KIMLARGA BERILADI?
AYOLLARGA FARZAND TUG‘ILISHI MUNOSABATI BILAN BERILADIGAN SUYUNCHI PULI KIMLARGA BERILADI?
Bugungi kunda, aholining ijtimoiy muhofaza qilish va davlat tomonidan moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha bir qator qonun hujjatlari ishlab chiqilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-oktabr kunidagi “Nikoh, oila va fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish to‘g‘risida”gi 550-son Qarorining 4-ilovasi 9-bandi “v” punktiga muvofiq Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi avtomatik ravishda farzand tugilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini rasmiylashtiradi va ariza beruvchiga xizmat natijasi bo‘yicha SMS-xabar yuborishi, bunda 2024-yil 1-apreldan boshlab farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli: 1) birinchi farzandi uchun — barcha ayollarga; 2) ikkinchi farzandi uchun — farzand tug‘ilgan paytda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilaning a’zosi bo‘lgan ayollarga rasmiylashtirilishi qayd etilgan. Qolgan barcha holatlarda farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini rasmiylashtirish rad etilishi nazarda tutilgan.
Bunda, fuqarolar tomonidan farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini olish uchun “Qanday tartibda murojaat qilish mumkin ekan” kabi savollar tug‘ilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-may kunidagi “Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 327-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqani tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti”ning 5-bandiga muvofiq ariza beruvchi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat qilishi mumkin.
Agar ariza beruvchi davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalangan taqdirda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ro‘yxatdan o‘tishi va YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi so‘rovnomani elektron tarzda to‘ldirishi belgilangan.
Shuningdek, mazkur reglamentning 12-bandiga muvofiq vakolatli organ tomonidan so‘rovnoma olinganidan so‘ng 5 daqiqa mobaynida nafaqa puli tayinlanadi yoki rad etiladi hamda bu haqidagi ma’lumot tegishli Davlat xizmatlari markaziga yoki YIDXPga elektron tarzda yuboriladi. Nafaqa tayinlash rad etilgan taqdirda ma’lumotda rad etish sabablari ko‘rsatilishi lozimligi qayd etilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, fuqarolar tomonidan o‘zlari yashab turgan tuman(shahar) davlat xizmatlari markaziga murojaat etishlari yoki davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish uchun YIDXPda ro‘yxatdan o‘tishlari orqali amalga oshirilishi mumkin.
Qibray tumani adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazi Hujjatlarni taqdim etish va qabul qilish sho‘basi boshlig‘i Abdusattorov Jaxongir Jalolovich