Янгиликлар
Pedagoglar bilan muddatli mehnat shartnoma tuzish mumkinmi? Qanday hollarda muddatli mehnat shartnoma tuzish mumkin?
Pedagoglar bilan muddatli mehnat shartnoma tuzish mumkinmi? Qanday hollarda muddatli mehnat shartnoma tuzish mumkin?
Xodim bilan muddatli mehnat shartnomasini tuzishning asosliligi Mehnat kodeksining 111-moddasida belgilangan.
Mehnat kodeksining 112-moddasiga ko‘ra quyidagi hollarda xodim bilan muddatli mehnat shartnomasi tuziladi:
mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomasiga muvofiq ish joyi o‘zida saqlanib qoladigan, yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini bajarish vaqti uchun;
vaqtinchalik (ikki oygacha) ishlarni bajarish vaqti uchun;
tabiiy sharoitlar tufayli ish faqat muayyan davr (mavsum) ichida amalga oshirilishi mumkin bo‘lganda mavsumiy ishlarni bajarish uchun;
ish beruvchining odatdagi faoliyati doirasidan tashqariga chiqadigan ishlarni (rekonstruksiya qilish, montaj qilish, ishga tushirish-sozlash ishlari va boshqa ishlar), shuningdek ishlab chiqarishni yoki ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmini oldindan ma’lum bo‘lgan vaqtinchalik (bir yilgacha) kengaytirish bilan bog‘liq ishlarni bajarish uchun;
ta’sis hujjatlariga binoan oldindan belgilangan muddatga tashkil etilgan tashkilotlarga ishga kirayotgan shaxslar bilan;
ishning tamomlanishi aniq sana bilan belgilanishi mumkin bo‘lmagan hollarda muddatli xususiyatga ega bo‘lgan, oldindan belgilangan ishlarni bajarish uchun qabul qilinadigan shaxslar bilan;
ishlab chiqarishda o‘qitish shartnomasi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ishlarni bajarish, haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini yoki stajirovkani o‘tash uchun;
mehnat organlari tomonidan vaqtinchalik xususiyatga ega bo‘lgan ishlarga yoki haq to‘lanadigan jamoat ishlariga yuborilgan shaxslar bilan;
muqobil xizmatni o‘tash uchun yuborilgan fuqarolar bilan;
O‘zbekiston Respublikasiga uning hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qonuniy ravishda kirib kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilan tuziladi.
Mehnat kodeksining 113-moddasiga ko‘ra quyidagi hollarda xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra muddatli mehnat shartnomasi tuzish mumkin:
mikrofirmalar yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlar bo‘lgan ish beruvchilarga ishga kirayotgan shaxslar bilan;
jismoniy shaxslar bo‘lgan ish beruvchilarga shaxsiy xizmat ko‘rsatish va uy xo‘jaligini yuritish bo‘yicha yordam berish maqsadida ishga kirayotgan shaxslar (uy ishchilari) bilan;
cho‘ldagi, baland tog‘li, aholisi kam bo‘lgan tumanlarda joylashgan tashkilotlarga ishga kirayotgan shaxslar bilan, agar bu ish joyiga ko‘chib o‘tish bilan bog‘liq bo‘lsa. Bunday tumanlarning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi (06.09.2019-yilgi 743-son qarori);
halokatlar, avariyalar, baxtsiz hodisalar, epidemiyalar, epizootiyalarning oldini olish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni amalga oshirish, shuningdek ushbu va boshqa favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etish uchun;
madaniy-tomosha tashkilotlarining, televidenie, radioeshittirish tashkilotlarining va boshqa ommaviy axborot vositalarining ijodiy xodimlari, professional sportchilar, shuningdek asarlarni yaratishda va (yoki) ijro etishda (namoyish etishda) ishtirok etuvchi boshqa shaxslar bilan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda ishlar, kasblar, lavozimlarning tasdiqlanadigan ro‘yxatlariga muvofiq;
agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, o‘z tashkiliy-huquqiy shakllaridan va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, tashkilotlarning rahbarlari, rahbar o‘rinbosarlari va bosh buxgalterlari, shuningdek ular alohida bo‘linmalarning rahbarlari bilan;
kunduzgi o‘qitish shakli bo‘yicha ta’lim olayotgan shaxslar bilan;
o‘rindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar bilan tuzilishi mumkin.
Xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra muddatli mehnat shartnomasi ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunga muvofiq o‘zga hollarda ham tuzilishi mumkin.
Demak, Mehnat kodeksining 112-moddasida ko‘rsatilgan hollarda ish beruvchi bilan xodim o‘rtasida muddatli mehnat shartnomasi tuzishi kerak bo‘lsa, 113-moddada ko‘rsatilgan holatlarda ish beruvchi va xodim o‘rtasida kelishuvga ko‘ra muddatli mehnat shartnoma tuzish mumkin.
Yuqoridagi ro‘yxatlarda pedagog xodimlar ko‘rsatilmagan bo‘lib, umumiy qoidalarga ko‘ra pedagoglar bilan nomuayyan muddatga mehnat shartnomasi tuzish lozim.
Mehnat kodeksining 111-moddasi to‘rtinchi qismiga ko‘ra belgilangan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasi buning uchun ushbu Kodeksning 112 yoki 113-moddasida nazarda tutilgan yetarli asoslar mavjud bo‘lmaganda nomuayyan muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.
Bekobod tumani Adliya bo‘limi YuXKM bosh yuriskonsulti X.M.Rizaqulov