Янгиликлар
OTA-ONALAR ULARNING OʻRNINI BOSUVCHI SHAXSLARGA MAJBURIYAT YUKLANDI
OTA-ONALAR ULARNING OʻRNINI BOSUVCHI
SHAXSLARGA MAJBURIYAT YUKLANDI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi15.03.2023-yildagi OʻRQ–823-son qonuni bilan ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritildi. Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, Oʻzbekiston fuqaroligiga ega bolani ota, ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxs yoxud hamrohlik qiluvchi shaxs tomonidan chet davlat hududida nazoratsiz qoldirish:
Bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 50 baravarigacha (3 mln 300 ming soʻmdan 16 mln 500 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Qonunga koʻra, ushbu maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishda koʻpi bilan 30 kunlik muddat belgilanib, sud ushbu huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs zimmasiga bolani chet davlatdan Oʻzbekistonga qaytarish yoxud huquqbuzarlikni bartaraf etish boʻyicha choralar koʻrish majburiyatini yuklaydi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, bolani chet davlatda nazoratsiz qoldirish, xuddi shunday xatti-harakat uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilsa yoxud bolaning sud tomonidan belgilangan muddatda Oʻzbekistonga qaytarilishini taʼminlamaslik 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Oʻsha qilmish ogʻirlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa, uni sodir etgan shaxs 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Yangiyoʻl tuman adliya boʻlimi
yuridik xizmat koʻrsatish
Markazi boshligʻi Saidislom Jamolov