Янгиликлар
Ish vaqtidan tashqari ish uchun haq toʻlash qanday amalga oshiriladi?
Ish vaqtidan tashqari ish uchun haq toʻlash qanday amalga oshiriladi?
Yangi Mehnat kodeksining 262-moddasida ish vaqtidan tashqari ish uchun haq toʻlash tartibi koʻsatilgan, yani:
Ish vaqtidan tashqari ish uchun kamida ikki hissa miqdorida haq toʻlanadi.
Jamoa shartnomasida, kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra ish beruvchi tomonidan qabul qilingan ichki hujjatda, mehnat shartnomasida ish vaqtidan tashqari ish uchun qoʻshimcha toʻlovlarning yuqoriroq miqdorlari nazarda tutilishi mumkin.
Xodimning xohishiga koʻra ish vaqtidan tashqari ish uchun oshirilgan haq toʻlash oʻrniga ish vaqtidan tashqari ishlab berilgan vaqtning davomiyligiga muvofiq keladigan qoʻshimcha dam olish vaqtini berish bilan kompensatsiya qilinishi mumkin. Bunday holda ish vaqtidan tashqari ish uchun bir hissa miqdorida haq toʻlanadi, dam olish vaqti uchun esa haq toʻlanmaydi.
Mazkur Kodeksning 263-moddasida dam olish kunlarida yoki ishlanmaydigan bayram kunlarida mehnatga haq toʻlash tartibi ham bayon etilgan:
Dam olish kunlaridagi yoki ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish uchun quyidagilarga kamida ikki hissa miqdorida haq toʻlanadi:
ishbay ishlovchilarga — kamida ikki hissali ishbay baholar boʻyicha;
mehnatiga kunbay va soatbay tarif stavkalari boʻyicha haq toʻlanadigan xodimlarga — kunbay yoki soatbay tarif stavkasining kamida ikki hissasi miqdorida;
maosh oladigan xodimlarga — har bir ishlangan kun yoki soat uchun maoshdan tashqari kunbay yoki soatbay stavkasining kamida bir hissasi miqdorida.
Jamoa shartnomasida, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra qabul qilingan ichki hujjatda, mehnat shartnomasida dam olish kunlaridagi yoki ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish uchun qoʻshimcha toʻlovlarning yuqoriroq miqdorlari nazarda tutilishi mumkin.
Dam olish kunidagi yoki ishlanmaydigan bayram kunidagi ish xodimning xohishiga koʻra boshqa dam olish kunini berish bilan kompensatsiya qilinishi mumkin. Dam olish kunidagi yoki ishlanmaydigan bayram kunidagi ish boshqa dam olish kunini berish bilan kompensatsiya qilingan taqdirda, bunday ish uchun haq toʻlash kamida bir hissa miqdorida amalga oshiriladi, dam olish kuni uchun esa haq toʻlanmaydi.
Agar xodim jadvalga yoki mehnat shartnomasiga muvofiq umumiy belgilangan dam olish kunlarida (besh kunlik ish haftasida shanba yoki yakshanba kunlari yoki olti kunlik ish haftasida yakshanba kuni) mehnat qilgan boʻlsa, dam olish kunlari esa unga ish haftasining boshqa kunlarida berilgan boʻlsa, umumiy belgilangan dam olish kunlaridagi ish uchun bir hissa miqdorida haq toʻlanadi.
Ishlanmaydigan bayram kunlaridagi ish uchun, ushbu ish jadvalga binoan amalga oshirilganligidan yoki xodim mazkur Kodeksning 210-moddasiga muvofiq ishlanmaydigan bayram kuni ishga jalb etilganligidan qatʼi nazar, kamida ikki hissa miqdorida haq toʻlanadi yoxud xodimning xohishiga koʻra boshqa dam olish kunini berish va bir hissa miqdorida haq toʻlash orqali kompensatsiya qilinadi.
Ohangaron tuman Adliya boʻlimi
Bosh maslahatchisi L.Numonov