Янгиликлар
Endilikda yoshlarni kasbga va chet tillariga o’qitish tizimi Takomillashtiriladi
Endilikda yoshlarni kasbga va chet tillariga o’qitish tizimi
Takomillashtiriladi
Mamlakatimizda yoshlarning chet tillarini o’rganish va kasb egallashiga bo’lgan qiziqishlarini qo’llab-quvvatlash, ularni ichki va tashqi mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar sifatida tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda xorijiy davlatlarda ishlash imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida joriy yilning 17 mart kunida Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarni kasbga (mutaxassislikka) va chet tillariga o’qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga ko’ra, Fuqarolarni (yoshlarni) chet tillariga o’qitish va xorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazini (Markaz) tashkil etiladi. Shuningdek, professional ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchilarni kasb (mutaxassislik) va chet tillariga o’qitish bo’yicha o’quv kurslari tashkil etiladi Xorijda ishlash istagi bo’lgan O’zbekiston fuqarolarini ish beruvchilar tomonidan tanlab olish jarayonlarini tashkil etish Markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi. Bundan tashqari, o’quv kurslari tashkil etiladigan professional ta’lim muassasalarini xorijiy mamlakatlarning qonunchiligi, madaniyati va urf-odatlariga oid ma’lumotlar bilan ta’minlash, professional ta’lim muassasalari va xorijiy ish beruvchilar o’rtasidagi hamkorlikni ta’minlash hamda xorijiy mutaxassislarni ta’lim jarayoniga jalb etish va kasbiy ko’nikmalar bo’yicha treninglar va seminarlar o’tkazish hamda stajirovkalar o’tishini tashkil etish markazning vazifalari etib belgilandi.
Qarorga ko’ra, o’quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan bitiruvchilarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi hujjat beriladi.Shuningdek, o’quv kurslarida kadrlarni tayyorlash bir yilgacha bo’lgan ta’lim dasturlariga muvofiq to’lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Bunda o’quv kurslarining ta’lim dasturlari va o’quv jarayoni muddatlari xorijiy ish beruvchilar takliflari asosida kasblar (mutaxassisliklar) murakkabligidan kelib chiqib, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanib, professional ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan o’quvchilarni ham o’quv kurslariga to’lov-kontrakt asosida qabul qilishga ruxsat beriladi hamda o’quv kurslari doirasida ta’lim oluvchilar ingliz, nemis, yapon, koreys, arab va boshqa talab yuqori bo’lgan chet tillariga o’qitiladi.
Qarorga asosan professional ta’lim muassasalariga jalb etilgan ta’lim oluvchilar chet tilini mustaqil ravishda o’rganib, xalqaro yoki unga tenglashtirilgan sertifikatni taqdim etgan taqdirda, ta’lim oluvchi tomonidan chet tilini o’qish uchun sarflangan xarajatlarning 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmagan qismi Davlat byudjeti mablag’lari
hisobidan qoplab beriladi. Bunda xorijiy davlatga ishga jalb qilinadigan fuqarolar uchun chet tili bo’yicha kamida B2 darajadagi, “Ausbildung” (dual ta’lim shakli) asosida xorijga ketadigan fuqarolar uchun nemis tili bo’yicha kamida B1 darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatni olish talab etiladi.
Ushbu qaror bilan o’quv kurslariga jalb qilingan pedagog kadrlarga faoliyat samaradorligidan kelib chiqib, har oy oylik maoshining 100 foizigacha miqdorda ustama to’lanishi belgilandi.
Zangiota tumani adliya bo’limi
Yuridik xizmat ko’rsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova