Янгиликлар
“Adliya organlari va muassasalarining mas’uliyati yanada oshmoqda”
“Adliya organlari va muassasalarining mas’uliyati yanada oshmoqda”
Yurtimizda Adliya Vazirligining xalqning chinakam mushkulini oson qiladigan yagona xalqparvar tashkilot sifatidagi nufuzi oshib bormoqda. Ayniqsa, oxirgi islohotlar vazirlikning quyi bo‘limlar faoliyatini izchil va tizimli olib borishi qonun ustovorligi va mustaqil demokratik davlat qurishda yagona bo‘g‘in bo‘lib xizmat qilmoqda. Jumladan, joriy yilning 24-may sanasida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy isohatlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”dagi 80-son bilan qabul qilingan Farmoni ham fikrimizning yorqin isboti hisoblanadi.
Ushbu Farmon bilan fuqarolarning huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, ularga ko‘rsatilayotgan davlat va huquqiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirishda adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish belgilandi hamda adliya organlari va muassasalariga qo‘shimcha vakolatlar va vazifalar belgilab berildi.
Shuni takidlash kerakki, Adliya organlari faoliyatini hududlarda samarali tashkil etish hamda huquqiy xizmatlar qamrovini yanada oshirish maqsadida tuman (shahar) adliya bo‘limlariga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:
avvalo, joylarda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni ko‘rib chiqish va hal etish uchun har oyda mahallalarda “Adliya kuni” tadbirlarini o‘tkazish. Bunda olis hududlardagi mahallalarda har oyda kamida ikki marotaba sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatib borish;
shuningdek, uyma-uy yurish va “Huquqiy ko‘mak” aksiyalarini o‘tkazish orqali fuqarolar kundalik hayotida aniqlanadigan huquqiy muammolarni bartaraf etish yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash.
Bundan tashqari, “mahalla yettiligi”ga qonunchilik hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini oddiy va xalqchil tilda yetkazish, shuningdek ular tomonidan
“Online-mahalla” platformasiga kiritilgan aholining kundalik hayotidagi huquqiy masalalarga oid muammolarini hal etib borish va aholiga, avvalambor “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlash, yoshlar, xotin-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni, shuningdek tadbirkorlik subyektlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar, preferensiyalar, subsidiyalar, grantlar va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning boshqa turlari hamda ulardan foydalanish tartibi haqida xabardor qilish; davlat organlari va tashkilotlarining tuman (shahar) bo‘linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda ularga metodik yordam ko‘rsatib borish.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, Adliya Vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalarining so‘nggi yillarda davlat huquqiy siyosatini amalga oshiruvchi organ sifatida nufuzi oshib bormoqda. Bundan tashqari, huquqiy targ‘ibot bo‘yicha ham keng ko‘lamli tadbirlarning amalga oshirilishi va bu yangi qabul qilingan Farmonda ham belgilanishi fuqarolarning huquqiy ong va madaniyatini yuksak saviyaga ko‘tarilishiga muhim ahamiyatga ega bo‘ladi, albatta.
Chinoz tumani adliya bo‘limi
YXKM boshlig‘i Galiyev Rinat