Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

29

Mehnat ta’tili berilish tartibi


Mehnat ta’tili berilish tartibi

????❗️ MK 230-moddasiga ko’ra, har yilgi mehnat ta’tili har yili, ushbu ta’til berilayotgan ish yili tugaguniga qadar berilishi kerak.

Masalan, xodim 22.12.2022 dan ish boshlagan. Uning ish yili 22.12.2022 dan 21.12.2023 gacha boʼladi. Bizning misolda har yilgi mehnat taʼtili taʼtil berilayotgan ish yili tugaguniga qadar yaʼni 21.12.2023 gacha ( shu kuni ham) berilishi kerak. ❗️ Koʼpchilik mana shu oʼrinda kalendar yilga chalgʼib ketib, xodimni 31-dekabrgacha taʼtilga chiqarsam boʼladi deb, xato oʼylashadi. Yaʼni xodimni kalendar yil tugagunga qadar emas, xodimning ish yili tugaguniga qadar taʼtilga chiqarish shart ekan.

❗️Sizning holatda esa xodim ish yili tugagunga qadar ta’tilga chiqmagan. Demak, bu yerda MK 230-moddasi qoidalari buzilmoqda. Bu esa MJTK 49-moddasiga ko’ra, mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʼgʼrisidagi qonunchilikni buzish, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha (3 mln 400 ming so’mgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʼladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʼllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan boʼlsa, bundan bila turib gʼayriqonuniy ishdan boʼshatish mustasno, bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha (5 mln 100 ming so’mgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʼladi.

⚠️ Xodim taʼtilga chiqmaslikka rozi ekanligi haqida tilxat yoki ariza yozib bergani ham ahamiyatga ega emas. Bu jarimadan qutilib qolishga sabab bo'lmaydi....

Ta’tillar kuyadimi? Xodimning foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari “kuymaydi va yonmaydi” (Diqqat❗️ Faqatgina MK 401-moddasidagi 4 kalendar kun ta’tildan faqat tegishli ish yili davomida foydalanilishi kerak).

MK 234-moddasiga ko’ra, mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari uchun pulli kompensatsiya to‘lanadi.

Shartnoma bekor qilinmasdan turib ham, ish davrida to’liq pulli kompensatsiya olsa bo’ladimi?

❌ Shartnoma bekor qilinmasdan turib, barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari uchun to’liq pulli kompensatsiya to’lab bo’lmaydi. MK 234-moddasiga ko’ra, xodimlarga ish davrida ularning xohishiga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili uchun ta’tilning ushbu Kodeksning 217-moddasida belgilangan eng kam davomiyligidan ya’ni 21 kundan tashqari pulli kompensatsiya to‘lanishi mumkin.

Masalan, xodimning 2022-2023-yil uchun 36 kalendar kun foydalanilmagan ta’tili bor. Shartnoma bekor qilinmasdan turib, to’liq 36 kunga pulli kompensatsiya olib bo’lmaydi. ❗️ Ish beruvchi bilan kelishib 15 kunigagina pulli kompensatsiya olish mumkin (36-21=15). Diqqat❗️ MK 234-moddasi 3-qismiga ko’ra, 18 yoshga to‘lmagan xodimlarga, I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga beriladigan ijtimoiy ta’tillarning barcha turlaridan, har yilgi uzaytirilgan asosiy mehnat ta’tillaridan, shuningdek ushbu Kodeksning 481 va 483-moddalarida nazarda tutilgan qo‘shimcha ta’tillardan asli holida foydalaniladi hamda mehnat davrida ularni pulli kompensatsiya bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Avvalgi yillarda qolib ketgan ta’tillarni foydalansa bo’ladimi?

✅ Ha, ish beruvchi bilan kelishib avvalgi yillarda qolib ketgan foydalanilmagan ta’tillarni olsa bo’ladi.

Avvalgi yillarda qolib ketgan ta’tillarni olsa 56 kundan oshib ketsachi?

✅ Oshib ketaversin, qonun buzilmaydi. Chunki, MK 222-moddasi 2-qismiga ko'ra, barcha hollarda qonunchilik bilan belgilangan ta’tillarni jamlashda ularning davomiyligi bir ish yili uchun 56 kalendar kundan oshib ketishi mumkin emas. E'tibor berdingizmi, bir ish yili uchun 56 dan oshmasligi lozim.

Oqqo‘rg‘on tumani YXKM bosh yuriskonsulti

Farmonqulov Vahob