Янгиликлар
Mehnat shartnomasi xodim xohishiga ko‘ra bekor qilinsa
Mehnat shartnomasi xodim xohishiga ko‘ra bekor qilinsa
MK 160-moddasi 8-qismiga ko’ra, mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga ko‘ra bekor qilish to‘g‘risidagi ariza u o‘z ishini davom ettirishi mumkin emasligi (ta’lim tashkilotiga qabul qilinganligi, pensiyaga chiqqanligi, saylab qo‘yiladigan lavozimga saylanganligi va boshqa hollarda) bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda ish beruvchi mehnat shartnomasini xodim iltimos qilayotgan muddatda bekor qilishi kerak.
⚠️ Demak, e’tibor bering, bu yerda pensiyaga chiqqanligi deyilmoqda, aynan yoshga doir pensiya deyilmagan❗️ “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonun 2-moddasiga ko’ra, davlat pensiyalarining quyidagi turlari belgilanadi:
yoshga doir pensiya;
nogironlik pensiyasi;
boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi.
❗️Ya’ni nafaqat yoshga doir pensiya, balki nogironlik yoki boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasiga chiqqan xodim ham o’z tashabbusiga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida ariza yozsa, ish beruvchi mehnat shartnomasini xodim iltimos qilayotgan muddatda bekor qilishi kerak ekan.
⚠️ Diqqat! MK 159-moddasi 4-qismiga ko’ra, agar mehnat shartnomasi MK 160-moddasining 8-qismida nazarda tutilgan hollarda xodimning tashabbusiga ko‘ra muddatidan oldin bekor qilingan bo‘lsa, u neustoykani to‘lashdan ozod etiladi.
⚠️ Bundan tashqari, MK 269-moddasi 3-qismiga ko’ra, har yilgi mehnat ta’tilining ishlab berilmagan kunlari uchun ushlab qolishlar mehnat shartnomasi MK 160-moddasining 8-qismida ko‘rsatilgan uzrli sabablar mavjud bo‘lganda bekor qilingan taqdirda amalga oshirilmaydi.
Oqqo‘rg‘on tumani YXKM bosh yuriskonsulti
Farmonqulov Vahob