Янгиликлар
Hashar deb oylik ish haqidan ushlash mumkinki
Hashar deb oylik ish haqidan ushlash mumkinki
⚠️ Agar Siz rozi bo’lmasangiz, hasharga ish haqingizdan ushlab qolinishi g’ayriqonuniy! Hasharga ish haqidan ushlab qolinishi mutlaqo ixtiyoriy, majburiy emas!
Rozilik ham aynan yozma ravishda bo’lishi kerak! Ya’ni har bir xodimdan shaxsan yozma roziligi olinishi kerak! Tashkilotda mingta xodim bo’lsa, mingtasidan yozma ariza olinishi kerak! Shunchaki bittagina umumiy protokol bilan ish haqidan ushlab qolish ham g’ayriqonuniy!
✅ MK 269-moddasiga ko’ra, umumiy qoidaga ko‘ra xodimning yozma roziligi bilan, xodimning roziligi bo‘lmagan taqdirda esa ushbu moddaning 2-qismiga muvofiq ish haqidan ushlab qolinishi mumkin.
❌ MK 269-modda 2-qismida ish haqidan xodimning roziligisiz ham ushlab qolinishi mumkin bo‘lgan holatlar belgilangan, lekin ular orasida hashar, remont, obuna va hokazolar nazarda tutilmagan! Ya’ni Sizning yozma arizangiz bo’lmasa, ish haqingizdan hech kim ushlab qola olmaydi.
❗️Ariza yozmasanglar oylik tushirib bermaymiz deyish ham g’irt g’ayriqonuniy!
Chunki MK 253-moddasiga ko’ra, xodimlarga ish haqi to‘lash muddatlari jamoa shartnomasida yoki ichki hujjatda, ular mavjud bo‘lmaganda esa mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan muddatlarda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas. Xodimlarga oylik ish haqi, qoida tariqasida, 16 kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ikki qismga bo‘lingan holda (bo‘nakda va qolgan qismi miqdorida) to‘lanadi.
Ya’ni ish haqining tushishi sizning arizangizga umuman bog’liq emas. Xodimga har yarim oyda kamida bir marta ish haqi to’lanishi shart. Aks holda, Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeks 49-moddasiga ko’ra, mansabdor shaxsga mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xullasi kalom, Siz “Mahalla” xayriya jamoat fondiga bir kunlik ish haqingizni o’tkazishga majbur emassiz! Fondga pul o’tkazish yoki o’tkazmasligingizdan qat’i nazar, ish haqi o’z vaqtida tushishi shart!
Oqqo‘rg‘on tumani YXKM bosh yuriskonsulti
Farmonqulov Vahob