Янгиликлар
Atigi 1 oy ishlab, statya bilan bo’shatilgan xodimga ta’tiliga kompensatsiya to’lanadimi?
Atigi 1 oy ishlab, statya bilan bo’shatilgan xodimga ta’tiliga kompensatsiya to’lanadimi?
MK 234-moddasiga ko’ra, mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari uchun pulli kompensatsiya to‘lanadi.
MK 224-moddasiga ko’ra, har yilgi mehnat ta’tilining davomiyligini ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarishda uning davomiyligi har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tilining to‘liq miqdorini o‘n ikkiga bo‘lish hamda to‘liq ishlangan oylar soniga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi. Bunda 15 kalendar kunga teng va undan ko‘p bo‘lgan ortiqcha kunlar bir oy deb yaxlitlanadi, 15 kalendar kundan kami esa hisobga olinmaydi. Ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda mehnat ta’tili kunlari umumiy davomiyligini hisoblashda olingan 0,5 ga teng va undan ko‘p o‘nliklar bir kun deb yaxlitlanadi, 0,5 dan kami esa hisobdan chiqarib tashlanadi.
Ya’ni sodda qilib aytganda, 15 kun va undan ko’p ishlagan xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinsa, unga foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari uchun pulli kompensatsiya to‘lanishi shart. Bu holatda shartnomaning qaysi asos bilan bekor qilinishi ahamiyatga ega emas: xodim statya bilan bo’shaydimi (MK 161-moddasi 2-qismi 5-bandi), vafot etadimi (MK 168-moddasi 1-qismi 8-bandi) va hokazo.
❗️Diqqat! MK 226-moddasida har yilgi asosiy mehnat ta’tilini olish huquqini beradigan ish staji jumlasiga kiritilmaydigan holatlar ham nazarda tutilgan:
xodim uzrli sabablarsiz ishda bo‘lmagan vaqt;
xodim ishdan chetlashtirilgan davrlar, bundan ushbu modda birinchi qismining to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
ushbu Kodeks 405-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan bolani parvarishlash uchun beriladigan ta’tillar vaqti.
❗️Diqqat! MK 227-moddasiga chalg’imanglar! Ya’ni birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat ta’tilidan foydalanish huquqi xodimda u ushbu ish beruvchida uzluksiz ishlagan 6 oy o‘tganidan keyin yuzaga keladi. Mehnat shartnomasi taraflarining kelishuviga ko‘ra xodimga ishlagan olti oy o‘tguniga qadar ham mehnat ta’tili berilishi mumkin. Bu yerdagi 6 oylik muddat ta’tildan foydalanish huquqi haqida gap ketmoqda, bu moddani foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillarini pulli kompensatsiya qilishga aloqasi yo’q.
Xullas, 15 kun va undan ko’p ishlagan xodim bilan har qanday asosga ko’ra mehnat shartnomasi bekor qilinsa, foydalanilmagan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillarini pulli kompensatsiya ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda to’lab beriladi
Diqqat! MK MK 235-moddasiga ham chalg’imanglar! Ya’ni jamoa shartnomasida, boshqa ichki hujjatlarda, mehnat shartnomasida yoki xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish chog‘ida (bundan mehnat shartnomasi xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) uchun bekor qilingan hollar mustasno) foydalanilmagan har yilgi mehnat ta’tillarini keyinchalik mehnatga oid munosabatlarni tugatgan holda xodimning yozma arizasi asosida berish nazarda tutilishi mumkin.
Agar mehnat shartnomasi xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) ya’ni 161-moddasi 2-qismining 4 va 5-bandlari bilan bekor qilinsa, xodimga mehnat shartnomasini bekor qilish chog‘ida har yilgi mehnat ta’tilini natura shaklida ya’ni asl holida berish mumkin emas. Lekin foydalanilmagan ta’tiliga pulli kompensatsiya to’lab berilishi shart.
Toshkent tumani YXKM bosh yuriskonsulti
Kurbanov Mirjalol