Янгиликлар
Bayram arafasida ishdan erta ketish mumkinmi
Bayram arafasida ishdan erta ketish mumkinmi
Mehnat kodeksi 187-moddasiga ko’ra (Ishlanmaydigan bayram kunlari arafasidagi ishning davomiyligi) ishlanmaydigan bayram kunlari arafasida har kunlik ishning (smenaning) davomiyligi barcha xodimlar uchun kamida bir soatga qisqartiriladi.
⚠️ MK 187-moddasi 2-qismiga ham e’tibor bering. Agar bayramdan oldingi kuni ishning (smenaning) davomiyligini qisqartirish imkoni bo‘lmagan holatda, yuqoridagi ishlanmaydigan bayram arafasidagi kamida 1 soatlik qisqartirilgan vaqt ish vaqtidan tashqari ish deb baholanadi hamda MK 262-moddasiga ko’ra, ish vaqtidan tashqari ish uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi yoki xodimning xohishiga ko‘ra ish vaqtidan tashqari ish uchun oshirilgan haq to‘lash o‘rniga ish vaqtidan tashqari ishlab berilgan vaqtning davomiyligiga muvofiq keladigan qo‘shimcha dam olish vaqtini berish bilan kompensatsiya qilinishi mumkin.
Mehnat kodeksi 208-moddasiga ko’ra, quyidagi kunlar ishlanmaydigan bayram kunlaridir:
1-yanvar — Yangi yil;
8-mart — Xotin-qizlar kuni;
21-mart — Navro‘z bayrami;
9-may — Xotira va qadrlash kuni;
1-sentabr — Mustaqillik kuni;
1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni;
8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni;
Ro‘za hayit (Iyd al-Fitr) diniy bayramining birinchi kuni;
Qurbon hayit (Iyd al-Adha) diniy bayramining birinchi kuni.
⚠️ Diqqat! Bayram kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlarini chalg'itib yubormang! O‘zbekiston Respublikasida qonun bilan tasdiqlangan bayramlar soni — 3️⃣0️⃣ dan ortiq. Shundan 9️⃣ tasi ishlanmaydigan, qolganlari esa ishlanadigan bayram kunlaridir. Misol, 15 aprel — Madaniyat va san’at xodimlari kuni. “O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonun. O‘RQ-694-son 07.06.2021
18 aprel — O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni. “O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonun. O‘RQ-464-son 02.04.2018
Toshkent tumani YXKM bosh yuriskonsulti
Kurbanov Mirjalol