Янгиликлар
Saylov uchastkalarini tuzish tartibi va normasi to‘g‘risida
Saylov uchastkalarini tuzish tartibi va normasi to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikas Saylov kodeksning 10-moddasiga asosan: Saylov uchastkalari tumanlar va shaharlar hokimliklarining taqdimnomasiga binoan hududiy saylov komissiyalari tomonidan besh yil muddatga tuziladi. Zarur bo‘lgan hollarda, saylov uchastkalari tumanlar va shaharlar hokimliklarining taqdimnomasiga binoan qayta tuzilishi, amaldagi saylov uchastkalarining chegaralari o‘zgartirilishi yoki tugatilishi mumkin.
Saylovchilarga mumkin qadar ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida saylov uchastkalari tumanlarning, shaharlarning, shaharlardagi tumanlarning chegaralari inobatga olingan holda tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida ham saylov uchastkalari saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davriga tuzilishi mumkin. Bu saylov uchastkalari ular joylashgan yerdagi saylov okruglariga kiradi. Saylov uchastkalarining chegaralari boshqa saylov okruglarining chegaralarini kesib o‘tmasligi kerak.
Harbiy qismlarda saylov uchastkalari qismlar yoki harbiy qo‘shilmalar komandirlarining, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari ushbu muassasalar va organlar boshliqlarining taqdimnomasiga binoan hududiy saylov komissiyalari tomonidan tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini va partiya ro‘yxati asosida Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi bo‘yicha saylovini o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalari tuzilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida tuziladigan saylov uchastkalarini tegishli hududga biriktirish to‘g‘risidagi masala Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hal etiladi.
Saylov uchastkalari saylovga kamida oltmish kun qolganida, qoida tariqasida, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va ko‘pi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tuziladi. Harbiy qismlarda, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, shuningdek olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari ana shu muddatda, ayrim hollarda esa saylovga kamida yetti kun qolganida tuziladi.
Saylov uchastkalarining soni okruglar sonidan kam bo‘lishi mumkin emas.
Hududiy saylov komissiyasi saylov uchastkalarining tartib raqamini belgilaydi hamda tegishli uchastka saylov komissiyasining telefon raqamlarini, joylashgan yerini va ovoz berish binosini ko‘rsatgan holda saylovchilarni har bir uchastkaning chegaralari to‘g‘risida xabardor etishni tashkil qiladi.
Saylov uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlari uchun yagona hisoblanadi deb qayt etilgan.
Bekobod tumani Adliya bo‘limi
YUXKM bosh yuriskonsulti R.M.Mirzaaxmedov