Янгиликлар
Saylov komissiyalarining ishini tashkil etish va ularning vakolatlari muddati to‘g‘risida
Saylov komissiyalarining ishini tashkil etish va ularning vakolatlari muddati to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksning 26-moddasiga asosan: Saylov komissiyasining majlisi, agar unda majlis o‘tkazilayotgan kundagi komissiya a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etayotgan bo‘lsa, vakolatli bo‘ladi. Komissiya qarori ochiq ovoz berish orqali komissiya a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Qarorga rozi bo‘lmagan komissiya a’zolari alohida fikrini bayon etishga haqli bo‘lib, bu fikr yozma shaklda bayonnomaga ilova qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Markaziy saylov komissiyasining qaroriga muvofiq saylov jarayoni ishtirokchilari tomonidan saylov komissiyalariga hujjatlarni taqdim etish, saylov komissiyalarining qarorlarini qabul qilish, shuningdek saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa jarayonlar elektron shaklda amalga oshirilishi mumkin.
Hududiy, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalarida ish yuritish tartibi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Saylov komissiyasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarori quyi saylov komissiyalari, shuningdek barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari, mehnat jamoalari va harbiy qismlar, korxonalarning, muassasalarning va tashkilotlarning rahbarlari ijro etishi uchun majburiydir.
Komissiyaning jamoatchilik asosida ishlovchi a’zosi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan saylov komissiyasining qaroriga binoan o‘rtacha oylik ish haqi saqlangan holda ozod qilinishi mumkin.
Hududiy, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyasi a’zolari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda tegishli guvohnomaga ega bo‘ladi.
Davlat organlari va jamoat birlashmalarining organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar saylov komissiyalariga o‘z vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashishi, ularning ishi uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etishi shart.
Davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun kerakli bo‘lgan binolar va jihozlarni saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turishi shart.
Saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan davlat organlariga hamda jamoat birlashmalarining organlariga, korxonalarga, muassasalarga, tashkilotlarga, mansabdor shaxslarga murojaat qilish huquqiga ega, ular qo‘yilgan masalani ko‘pi bilan uch kunlik muddatda ko‘rib chiqishi va saylov komissiyasiga javob qaytarishi shart.
Okrug va uchastka saylov komissiyalari tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari chiqarilganidan, tegishli saylov okruglaridan saylangan deputatlar Markaziy saylov komissiyasi, hududiy, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan ro‘yxatga olinganidan keyin o‘z faoliyatini tugatadi deb qayt etilgan.
Bekobod tumani Adliya bo‘limi
YUXKM bosh yuriskonsulti R.M.Mirzaaxmedov