Янгиликлар
Ayollar daftariga kimlar kiritiladi.
Ayollar daftariga kimlar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-martdagi 145-sonli qarori bilan tasdiklangan “Ayollar daftari»ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisida” gi NIZOM ga asosan “Ayollar daftari”ga 30 yoshdan oshgan quyidagi toifadagi xotin-qizlar kiritiladi:
-ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar;
-tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan ehtiyojmand xotin-qizlar;
-boquvchisi boʻlmagan ehtiyojmand xotin-qizlar;
-ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi boʻlgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar;
-uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar;
-qaramogʻida nogironligi boʻlgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar.
“Ayollar daftari”ga xotin-qizlar yashab turgan joyi boʻyicha kiritiladi, bunda xotin-qizlarning yashash joyi boʻyicha doimiy yoki vaqtincha roʻyxatda turmasligi "Ayollar daftari"ga kiritishni rad etish uchun asos hisoblanmaydi.
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalardagi xotin-qizlar, farzandi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar, shuningdek, ilgari “Ayollar daftari”ga kiritilib, bandligi taʼminlangan yoki tadbirkorligi yoʻlga qoʻyilgan xotin-qizlar takroran “Ayollar daftari”ga kiritilmaydi.
“Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlar roʻyxatini shakllantirishda ustuvorlik ilgari “Ayollar daftari”ga kiritilmagan xotin-qizlarga beriladi.
“Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida kam taʼminlangan oila sifatida roʻyxatga olingan oilalardagi xotin-qizlar “Ayollar daftari”ning faqat “ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar”, “tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan ehtiyojmand xotin-qizlar” va “uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar” toifalariga kiritilishi mumkin.
Mazkur Nizom kam taʼminlangan va ehtiyojmand xotin-qizlarning muammolarini mahallabay oʻrganish va hal etish hamda ularni ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy qoʻllab-quvvatlash tartibini belgilaydi.
Zangiota tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova