Янгиликлар
Ijtimoiy toʻlovlarni ijtimoiy kartalar orqali toʻlash bosqichma-bosqich joriy qilinadi.
Ijtimoiy toʻlovlarni ijtimoiy kartalar orqali toʻlash bosqichma-bosqich joriy qilinadi.
Joriy yilning 18-iyulida “Aholini davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga asosan endilikda quyidagi qoʻllab- quvvatlash choralari “Ijtimoiy karta” AT dat taqdim etiladi:
-2024-yil 1-dekabrdan yangidan tayinlanadigan ijtimoiy toʻlovlar, xizmatlar va imtiyozlar;
-2025-yil 1-apreldan bosqichma-bosqich shaxsning nogironligini, talaba, oʻquvchi, urush qatnashchisi yoki urush qatnashchisiga tenglashtirilgan shaxs holatini tasdiqlash. Bunda nogironlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma va guvohnomalar, talabalik guvohnomalari, oʻquvchilar guvohnomalari, urush qatnashchilari yoki ularga tenglashtirilgan shaxslar guvohnomalarining qogʻoz shakli ijtimoiy kartaga almashtirish orqali bekor qilinadi;
-nogironligi boʻlgan va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun umumiy foydalanishdagi avtomobil, temir yoʻl, havo va daryo transporti, yoʻnalishsiz taksi xizmatlaridan foydalanish boʻyicha imtiyozlar, shuningdek ushbu xizmatdan imtiyozli foydalanish huquqiga ega boʻlgan aholining boshqa toifalari uchun imtiyozlar;
-kirish bilet operatsiyalari tizimi asosida tartibga solinadigan davlat ijtimoiy obyektlariga, konsert-tomosha tadbirlari va boshqa tadbirlarga bepul tashrif buyurish yoki qisman haq toʻlash boʻyicha imtiyozlar.
- 2025-yil 1-iyuldan “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilganlarga belgilangan tovarlar (xizmatlar)ni xarid qilishda toʻlangan QQS summasini 1 ish kunida qaytarish. Bunda ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash talab etilmaydi.
2025-yil 1-oktyabrdan Hukumat tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq fuqarolarga byudjet mablagʻlari hisobidan koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordam, subsidiyalar, grantlar, imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar hamda moddiy xususiyatga ega boshqa toʻlovlar taqdim etish;
2026-yil 1-yanvardan qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlardan foydalanish.
2025-yil 1-oktyabrdan pensiya oluvchilarga oʻz xohishiga koʻra yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yoʻqotganligi boʻyicha pensiyalarni ijtimoiy karta orqali olish huquqi beriladi.
Qarorga koʻra:
-ijtimoiy karta Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga (keyingi oʻrinlarda — fuqarolar) Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda beriladi hamda fuqarolarning davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralariga boʻlgan huquqlari amalga oshirilishi taʼminlanadigan hujjatlardan biri hisoblanadi va noyob, oʻzgartirib boʻlmaydigan shaxsiy raqamni oʻz ichiga oladi.
-ijtimoiy karta boʻyicha alohida operatsiyalarni amalga oshirishni taqiqlash va cheklash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
-“Ijtimoiy karta” AT maʼlumotlar bazasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda fuqarolar va davlat organlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar, shu jumladan biometrik maʼlumotlar asosida Agentlik tomonidan shakllantiriladi va yuritiladi.
Zangiota tumani adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
Bosh yuriskonsulti N. Anarqulova